2021 yilning 27 dekabr va joriy yilning 2 yanvar kunlari O`zbekistonda paxta yog`i, suyultirilgan gaz va paxta tolasining narxi pasaydi. Bu haqda “O`zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi” AJ Matbuot xizmati xabar berdi.
Paxta yog`i
O`tgan haftada birja savdolarida 2 434,0 tonna paxta yog`i sotildi. O`tkazilgan savdolarda har kuni o`rtacha 66 xaridor ishtirok etdi. O`rtacha kunlik sotuv hajmlari 609,0 tonnani tashkil qildi.
Ko`rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog`ining kunlik o`rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 519,0 ming so`mdan 14 364,7 ming so`mgacha, ya`ni 7,4% ga pasayganini ta`kidlash lozim.
Suyultirilgan gaz
Birjaning suyultirilgan gaz bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 10 399,0 tonna suyultirilgan gaz qo`yildi va ulardan 7 487,0 tonnasi, ya`ni 72,0% qismi sotildi. O`tkazilgan savdolarda har kuni o`rtacha 144 xaridor ishtirok etdi.
Ko`rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo`yicha shakllangan kunlik o`rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 2 536,7 ming so`mdan 2 422,7 ming so`mgacha, ya`ni 4,5%ga pasaygan.
O`tkazilgan birja savdolari natijasida suyultirilgan gaz bo`yicha shakllangan o`rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 2 491,1 ming so`mni tashkil etdi.
Paxta tolasi
O`tgan haftada birja savdolarida 7 219,0 tonna paxta tolasi sotildi. O`rtacha kunlik sotuv hajmlari 1 805,0 tonnani tashkil qildi.
Ko`rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta tolasining kunlik o`rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 29 893,0 ming so`mdan 27 410,6 ming so`mgacha, ya`ni 8,3% ga pasaygan.