AsosiyJamiyat

Nurmat Otabekov: "O`zbekistonda “omikron” aniqlangani yo`q, biroq xotirjamlikka berilish ham yaramaydi"

'Nurmat Otabekov: "O`zbekistonda “omikron” aniqlangani yo`q, biroq xotirjamlikka berilish ham yaramaydi"'ning rasmi

Dunyo bo`ylab koronavirusning “omikron” shtammi tez sur`atda tarqalmoqda. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti  ma`lumotlariga ko`ra, yangi mutasiya allaqachon jahonning 126 ta mamlakatida qayd etilgan. Ayniqsa, kuni kecha Qozog`istonda ushbu shtammni yuqtirgan ilk bemorlar ro`yxatga olingani xavotirli holdir.

Albatta, istaymizmi-yo`qmi, "omikron"ning yurtimizga kirib kelish ehtimoli yo`q emas. Xo`sh, agar shunday holat kuzatilsa, mamlakatimiz tibbiyot tizimi bunga qanchalik tayyor?

SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat ATABEKOVning bu boradagi fikr va xulosalarini yozib oldi.

— Darhaqiqat, so`nggi kunlarda dunyo bo`ylab ushbu mutasiyaning tarqalish geografiyasi shiddat bilan kengayib bormoqda, — deydi N.ATABEKOV. — Shuni inobatga olsak, yangi shtammning yurtimizga kirib kelish ehtimoli yo`q emas. Biroq bu holatdan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli yolg`on va asossiz axborot tarqatish, aholi orasida ortiqcha vahima ko`tarish, o`ylaymanki, hech bir mezonga to`g`ri kelmaydi.

Bilamizki, shu paytgacha, yurtimizda koronavirusning bir necha turi qayd etilgan va kasallanish ko`rsatkichlari yilning ma`lum davrida ko`tarilib, qaysidir paytda pasayib borgan.

Aytish lozimki, o`tgan davr ichida mamlakatimizda virusning tarqalish tendensiyasini pasaytirish, emlash tadbirlarini tashkil etish, bemorlarni davolash bo`yicha tibbiyot xodimlarimiz katta tajriba to`pladi.

Shu ma`noda, “omikron”dan sog`ayish muddati qisqa va kasallanganlarda shifoxonalarga yotish ehtimoli past ekanligini inobatga olsak, O`zbekiston virusning ko`tarilish xavfiga tayyor, deyishga asoslarimiz etarli. Negaki, davlatimiz rahbari boshchiligida hamda Respublika maxsus komissiyasining bevosita kuzatuvida yurtimizda koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar bunga misol bo`la oladi.

Biroq ortiqcha xotirjamlikka berilish ham yaramaydi. Sababi “omikron” boshqa shtammlarga qaraganda anchagina yuqumli va qisqa muddatda aholining katta qismini zararlashi mumkin. Shu bois ayni paytda karantin qoidalariga qat`iy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidan-da muhim.

Qolaversa, mamlakatimizda COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko`tarilgan avvalgi paytlarda yaxshi samara bergan amaliyotni davom ettirish, ya`ni oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali “COVID-box” (aptechka) tarqatish, xastalik engil kechayotgan bemorlarni ambulator sharoitda davolash maqsadga muvofiq. Bu, o`z navbatida, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga ortiqcha yuklamalar tushishining ham oldini oladi.

Eslatib o`tamiz, 2021 yil dekabr oyida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida bir qator yangi tartib va cheklovlar joriy etilgan edi.

Boshqa yangiliklar