2022-yil 10-yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o`rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog`ida O`zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligining hozirgi holati va aloqalarni har tomonlama rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki davlat rahbarlari o`rtasida ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoniga alohida e`tibor qaratildi.
Tez orada savdo-iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilish maqsadida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o`rinbosari boshchiligidagi ushbu mamlakat hukumat delegasiyasining O`zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Tashrif doirasida turli sohalarda aniq loyihalar ijrosi ham ko`rib chiqiladi.