Mamlakatimizda o`sib kelayotgan yoshlarning estrada yo`nalishida o`z iste`dodlarini namoyon etishlari uchun ijodiy maydon yaratish, estrada xonandaligi bo`yicha ijro mahoratini oshirish, o`zbek milliy estrada san`ati ana`analarini targ`ib etish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi Yoshlar madaniyat va san`at markazi hamda “O`zbeknavo” estrada birlashmasi hamkorlikda tashkil etilgan “Kuyla, yoshligim!” nomli estrada xonandalarining respublika tanlovining Respublika bosqichi yakunlandi, deb xabar beradi “Popcorn.uz”.
Tanlov 18 yoshdan 25 yoshgacha bo`lgan havaskor ijodkorlar o`rtasida har yili an`anaviy tarzda o`tkazilib, birinchi hududiy bosqichi mart-aprel oyilarida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar miqyosida o`tkazildi. Mazkur birinchi hududiy bosqichda jami 1000 nafarga yaqin ishtirokchilar jalb etilib shulardan,48 nafar iqtidorli ishtirokchilar respublika yakuniy bosqichiga o`z mahoratlarini sinovdan o`tkazdi.
Tanlovning respublika yakuniy bosqichi, taqdirlash marosimi va gala-konserti 12-13 may kunlari Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da o`tkazilib, unda estrada xonandalari “Nihol” mukofoti sovrindori Iroda Dilroz, xonanda Umar Shamsiev hamda “COMEDY.UZ” rezidentlari yig`ilganlarga a`lo kayfiyat ulashdi.
Ishtirokchilarning chiqishlarini sohaning malakali mutaxassislari O`zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Azim Mullaxonov va Kozim Qayumov, “Nihol” mukofoti sovrindori Iroda Dilroz shuningdek, bastakor Shuxrat Zokirovlardan iborat Hakamlar hay`ati baholab bordilar. Oqilona va adolatli hakamlarining qaroriga ko`ra,Toshkent shahridan ishtirok etgan Sardorbek Tursunov barcha yig`ilganlarning olqishiga sazovor bo`lib tanlovning g`olibi deya e`lon qilindi.
Shuningdek, samarqandlik Maryam G`ofurova 2-darajali diplom, Qoraqalpog`iston Respublikasidan tashrif buyurgan Turdimurot Tleumuratov 3-darajali diplomi sohibi bo`ldilar hamda kuchli uchlikni egallagan ishtirokchilar o`z hududlarida faoliyat yuritayotgan ovoz yozish studiyalarida bepul qo`shiq yozish imkoniyatini beruvchi sertifikatni ham qo`lga kiritdi.
Ko`rik-festivalning faol ishtiroki uchun Namangan san`at kolleji talabalari Shahboz Homidov va Abrorbek Abdurazzaqov, poytaxtlik yoshlar Dilafro`z Ilyosova, Akamalxo`ja Xolxo`jaev, Sevara Nuralieva hamda Samarqand viloyatidan Rustam Rustamovlar faol ishtiroklari uchun Yoshlar madaniyat va san`at markazining faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.