2022 yil 8 yanvar kuni Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Chimkent ko`chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi F.Uzaqov tomonidan "Damas" rusumli avtomobil haydovchisi to`xtatilgan.
Tekshiruv davomida transport vositasining oynalari ruhsatnomasiz qoraytirilganligi (tonirovka qilinganligi) aniqlangan va haydovchi A.A.ga belgilangan tartibda bayonnoma tuzilib, avtomobil vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Shundan so`ng haydovchi chora ko`rilmasligi evaziga YPX xodimiga 300 (uch yuz) AQSh dollar miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
Xodim ushbu holat yuzasidan IIV ShXBB Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlariga xabar berib, pora taklif etayotgan haydovchiga qonuniy chora ko`rilishini so`ragan.
Holat yuzasidan 11 yanvar kuni soat 17:30 larda, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir davomida, fuqaro A.A. YPX xodimiga 3.000.000 (uch million) so`m miqdoridagi pullarni chora ko`rilmasligi evaziga pora tariqasida berayotgan vaqtda qo`lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasi tartibida jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.