O`zbekiston Pro-ligasi ishtirokchisi "Buxoro" va turkmanistonlik darvozabon Rahat Japarov o`rtasidagi nizoli vaziyat yuzaga kelgan. FIFA mazkur vaziyat bo`yicha qaror chiqarib, klubga futbolchi oldidagi belgilangan qarzdorlikni to`lash vazifasini yuklagandi.
Dekabr oyida esa FIFA qaror asoslarini klubga yuborib, “Buxoro” futbol klubi zimmasidagi qarzdorlik to`lovini belgilangan muddatda to`lashi lozim ekanini yana bir bor ma`lum qildi. Agar oldindan belgilanganidek, qaror chiqqan sanadan boshlab 45 kun muddat ichida moliyaviy majburiyatlar bajarilishi ta`minlanmasa, klubga nisbatan milliy va xalqaro miqiyosda yangi futbolchilarni ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha taqiq qo`yilishi bildirilgan edi.
FIFA mazkur qaror ijrosi ta`minlanmagani bois “Buxoro” futbol klubi uchun transfer taqiqini kuchga kiritdi. Endilikda “Buxoro” Rahat Japarov bilan bog`liq nizoli vaziyatni hal etgachgina yangi futbolchilarni ro`yxatdan o`tkazishi mumkin bo`ladi.
Bunday taqiq shuningdek, ayni paytda Qarshining “Nasaf” klubiga ham tatbiq etilgan. FIFA “Nasaf”ni fransiyalik futbolchi Abdelae Diakite bilan tuzilgan shartnoma shartlarini bajarmagan deb topib, ushbu jamoaga ham dekabr oyidan yangi futbolchilarni ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha taqiq qo`ygan. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar berdi.