Albaniya bosh vaziri Edi Rama Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`anni aytganini qiladigan shaxs deya ta`kidladi.
U Turkiya-Albaniya hamkorligida zilzila jabrdiydalariga yangi uylarning kalitini topshirish marosimida so`zlagan nutqida bu haqda aytib o`tdi.
Shuningdek, Rama shu vaqtda Erdo`g`an bilan bo`lgan uchrashuvlari haqidagi xotiralari bilan o`rtoqlashgan.
"(O`sha paytda) men hali Albaniyaning Bosh vaziri emas edim. Erdo`g`an menga: "Albaniya va Kosovo mening yuragimda. Albanlar turk xalqining qalbida. Men birodarim bo`lishingizni xohlayman, degandi. Men o`zimni Erdo`g`anning do`sti deb bilishdan faxrlanaman”,- deydi Rama.
Yillar davomida vazifasi yuzasidan ko`plab davlat rahbarlari bilan uchrashganini tilga olgan Rama nega aynan Erdo`g`an bilan yaqin do`stligini quyidagicha izohladi.
“Javobim juda oddiy. Prezident Erdo`g`an aytganini qiladigan odam. Ishoning, bugungi dunyo siyosatida "ha"si "ha" va "yo`q"i "yo`q" bo`lgan odamlarni topish oson emas",-deydi u.
Eslatib o`tamiz, 2019 yil 26 noyabr kuni Albaniyada sodir bo`lgan 6,3 magnitudali zilzila oqibatida 51 kishi halok bo`lgan, 900 dan ortiq kishi jarohat olgan.
Shuningdek, 17 mingga yaqin odam uyini tark etishga majbur bo`lgan.
Erdo`g`an zilziladan so`ng darhol zilzila qurbonlari uchun uylar qurish bo`yicha ko`rsatmalar berdi hamda Albaniya davlat rekonstruksiya vazirligi bilan tabiiy ofatdan keyingi uy-joy qurilishi sohasida hamkorlik protokoli imzolangan. Natijada 522 turar-joy, savdo markazlari va avtoturargohlar qurilib, uylarning poydevor qo`yish marosimi 2020 yil dekabr oyida bo`lib o`tgan va Prezident Erdo`g`an ham marosimda videokonferensaloqa shaklida qatnashgan.