AsosiyDunyo

“Taksi” filmi qahramonini Kannda Ukraina haydovchilik guvohnomasi bilan ushlashdi

Mashhur “Taksi” filmi bosh qahramoni rolini o`ynagan, fransuz aktyori Sami Naseri Kannda polisiyachilar tomonidan ukrain haydovchilik guvohnomasi bilan qo`lga olindi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.

54 yoshli aktyor avtomobil boshqarib ketayotganda, polisiyachilar uni to`xtatib, hujjatlarini ko`rsatishni so`rashgan. L'Express nashrining xabar berishicha, Naseri yo`l-harakati qoidalarini ko`p bora buzganligi uchun fransuz haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilingan. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida polisiyachilar uni mahkamaga  taklif qilishgan. Ammo oradan 20 daqiqa o`tar-o`tmas, polisiyachilar Sami Naserini qo`yib yuborishgan. 

Aktyorning o`zi aybini tan olmadi. “Agar haydovchilik guvohnomam bo`lmaganda, polisiyachilar meni qo`yib yubormagan bo`lishardi. Ukraina davlatiga tegishli haydovchilik guvohnomasini o`sha erda film suratga olinayotganda olganman”, dedi mashhur aktyor. Uning aytishicha, 2016 yilning sentyabr oyigacha ukrain haydovchilik guvohnomasidan foydalanishi, keyin esa fransuz haydovchilik guvohnomasiga almashtirib olishi mumkin ekan.

Fransiyada boshqa mamlakatning haydovchilik guvohnomasidan chegaradan o`tgandan keyin bir yil mobaynida foydalanish huquqi berilgan. Uning amal qilish muddati tugaganda polisiya uchastkasida yangilash lozim bo`ladi.

To`rt qismdan iborat “Taksi” filmida Daniel Morales rolini Sami Naseri o`ynagan. Bu film Fransiya kino tarixidagi eng muvaffaqiyatli filmlardan biri sanaladi. U ilk marotaba namoyish etilgandayoq,  jahon prokatidan 200 million dollar mablag` to`plagan.

2015 yilda Sami Naseri agar taklif qilishsa, Rossiya pasportini olishga roziligini bildirgan edi. Chunki o`sha paytda aktyor Sankt-Peterburgda, rejissyor Grigor Gyardushyanning Rock & Road filmida suratga tushayotgandi. 

Naseri o`zining jizzaki fe`l-atvori, urushqoqligi bilan nom chiqargan. 2015 yilning mart oyida sobiq xotini bilan janjallashgani tufayli qamoqqa olingan bo`lsa, sal ilgari bir ayolga pichoq o`qtalgani, 2013 yilda og`ufurushlar bilan yoqalashgani, 2011 yilda esa sobiq sevgilisining yigitiga pichoq o`qtalib, hujum qilgani uchun 16 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

    Boshqa yangiliklar