AsosiyJamiyat

Bosh vazir o`rinbosari Turkiyaning O`zbekistondagi elchisi bilan transport va logistika sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qildi

'Bosh vazir o`rinbosari Turkiyaning O`zbekistondagi elchisi bilan transport va logistika sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qildi'ning rasmi

20 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiya Respublikasining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Bekarni qabul qildi. Bu haqda investisiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda

Uchrashuv chog`ida ikki tomonlama munosabatlarning sermazmun kun tartibi, jumladan, investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ishlab chiqilayotgan loyihalar, dasturlar va tadbirlar atroflicha ko`rib chiqildi. Tomonlar qo`shma investisiya loyihalarining sonini ko`paytirish va o`zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan choralarni yanada kuchaytirishga alohida e`tibor qaratdilar. Shu o`rinda Imtiyozli savdo to`g`risidagi bitim loyihasini kelishish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni maromiga etkazishni jadallashtirish bo`yicha yakdil qarorga kelindi.

Turk investorlarining O`zbekistondagi faoliyati bilan bog`liq bir qator masalalar ham tilga olindi. Tomonlar ularning echimini topish algoritmlarini muhokama qilib, tegishli loyihalarni ilgari surish bo`yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab olishdi. O`zbekiston tomoni turkiyalik tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik qilish va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda ularga tezkor amaliy yordam ko`rsatishga sodiqligini bildirdi.

Alohida tartibda ikki mamlakatning transport jihatidan o`zaro bog`liqligini kengaytirish va tranzit salohiyatini rivojlantirish bo`yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. Ikki davlatni bog`lovchi transport yo`laklaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo`yicha aniq takliflar ishlab chiqish uchun ikki tomon vakillaridan iborat ekspert guruhini tuzishga kelishildi.

Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalarning joriy holatini o`rganish va ularni hal etishga doir zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan alohida “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish to`g`risida kelishuvga erishildi.

 

Boshqa yangiliklar