Mana necha kundirki Istanbulda kuchli qor yog`ishi to`xtamayapti. Uzoqni ko`rish cheklangani tufayli kemalar harakati to`xtatib qo`yildi. Shaharlararo avtobus qatnovi ham amalga oshirilmayapti. Shahar shimolida ikkita avtobus halokatga uchradi. Buning oqibatida 3 kishi halok bo`ldi, 18 kishi jarohat oldi.
Sinoptiklarning prognozlariga ko`ra, Istanbulda bunday yog`ingarchilik chorshanbaga qadar davom etishi kutilmoqda. Shahar aholisidan iloji boricha ko`chaga chiqmaslik, yo`llarda harakatlanmaslik so`ralmoqda.
Ma`lumot uchun, hozirda Anqara va Istanbul o`rtasidagi avtomagistral, shuningdek, Istanbul aeroportiga kirish yo`llari bir necha soatga to`sib qo`yilgan.
Davlat xizmatchilarining ish kuni bir necha soatga qisqartirildi.
Ikkita havo bandargohida o`nlab reyslar bekor qilingan. Yangi Istanbul aeroportida tom qor og`irligi tufayli qulab tushgan.
Sovuq bo`ron Turkiyaning boshqa hududlarini ham qamrab olgani ma`lum qilindi.
Istanbulda qor bo`roni yopirilganiga qaramay, odamlar davlat novvoyxonalaridan birida non uchun katta saf tortishdi. Ular qiyin vaziyatda sovuqda turishga majbur, chunki bunday joylarda mahsulot narxi aniq qilib belgilanadi va boshqa do`konlarga qaraganda ancha past bo`ladi.