AsosiyJamiyat

Qurilish sohasida mehnat xavfsizligi va gigienasi bo`yicha xalqaro standartlar joriy etilmoqda

'Qurilish sohasida mehnat xavfsizligi va gigienasi bo`yicha xalqaro standartlar joriy etilmoqda'ning rasmi

Bugun o`tkazilayotgan Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisi davom etmoqda.

Senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigienasi to`g`risidagi 167-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1988 yil 20 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi Qonunni ko`rib chiqishdi.

Konvensiya 1988 yil 20 iyunda XMT Bosh konferensiyasi sessiyasidan qabul qilingan. Konvensiya qurilish faoliyatining barcha turlarini, ya`ni qurilish, fuqarolik qurilishi, montaj va demontaj ishlarini, shu jumladan qurilish maydonidagi maydonni tayyorlashdan to ob`ekt qurib bitkazilgunga qadar har qanday jarayonlar, operasiyalar yoki transportda tashish ishlarini qamrab oladi.

Muhokamalarda senatorlar O`zbekistonda mehnat xavfsizligi
va gigienasi talablariga rioya qilish holati, bu boradagi asosiy muammoli nuqtalar yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Mazkur konvensiya 32 davlat, shu jumladan Rossiya Federasiyasi, Belarus va Qozog`iston kabi MDH mamlakatlari tomonidan ratifikasiya qilingani qayd etildi.

Shuningdek, Konvensiyaning aksariyat norma va qoidalari milliy qonunchilikka tatbiq etilgani alohida ta`kidlandi.

Ushbu konvensiyaning ratifikasiya qilinishi qurilish sohasiga mehnat xavfsizligi va gigienasi bo`yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, mamlakatimizning mehnatkashlar huquqlari kafolatini ta`minlashda asosiy xalqaro prinsip va standartlarga sodiqligini ko`rsatadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar