Senatning navbatdagi yalpi majlisida adliya vazirining 2021 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo`llash amaliyotining holati to`g`risidagi axboroti eshitildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Axborotda bildirilishicha, 2021 yil davomida vazirlikka huquqiy ekspertizadan o`tkazish uchun 2 554 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi kelib tushgan. Ulardan 88 foizi (2 246 ta) huquqiy ekspertizadan o`tkazilgan va 12 foizi (308 ta) ekspertiza o`tkazilmasdan qaytarilgan.
Loyihalarning 640 tasi (28 foiz) e`tirozlar bilan qaytarilgan.
Shuningdek, gilotina usulida Hukumatning qarorlari ham qayta ko`rib chiqilib, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 fevraldagi 87-sonli qarori bilan 1 887 ta qaror o`z kuchini yo`qotgan deb topilgan. Natijada, normativ-huquqiy bazada Hukumat hujjatlari 10 foizga qisqargan.
Qayd etilishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan kiritilgan 101 ta hujjatdan 40 tasi qabul qilish maqsadga muvofiq emas deb topilgan. Bunday holat Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida 97 tadan 30 tani, Transport vazirligida 56 tadan 20 tani tashkil etgan.
Senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo`llash amaliyoti sohasida o`z echimini kutayotgan muammolar mavjudligi va ularni bartaraf etish choralarini ko`rish lozimligi ta`kidlandi.
Jumladan, hududiy davlat organlariga uslubiy ko`mak ko`rsatish orqali ularning mazkur yo`nalishdagi faoliyati samaradorligini oshirish choralarini ko`rish, normativ hujjat qabul qilgan organ bilan amaliy hamkorlikni keng yo`lga qo`yish zarurligi aytib o`tildi.
Vazirliklar va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan o`tkazishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish, har bir ekspertiza xulosasini vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish muhim masala ekanligi qayd etildi.
Senatorlarning fikricha Adliya vazirligi va uning hududiy idoralari davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidantaqdim etilgan loyihalarni huquqiy ekspertizadan o`tkazish muddatlariga qat`iy amal qilishi, normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishida ularga ko`maklashishiga alohida e`tibor qaratishi lozim.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.






