1

Alisher Navoiy Samarqandga nima uchun kelgandi?

Jamiyat 09.02.2022, 12:45
Alisher Navoiy Samarqandga nima uchun kelgandi?

#9 Fevral — buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavallud topgan kun 

 

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning kamolotida uning Samarqandda kechgan hayoti muhim o`rin tutadi. Ma`lumotlarga ko`ra, so`z mulkining sultoni 1464-69 yillarda, umrining navqiron pallasida Samarqandga kelgan. Shu erda yashab, tahsil olgan. Samarqand muhiti uning ijodida, shoir va davlat arbobi sifatida shakllanishida muhim o`rin tutgan.

Nega aynan Samarqand?

1457 yilda Xuroson hukmdori Abulqosim Bobur vafot etgach, boshqa bir temuriyzoda hukmdor Abu Said Mirzo taxtni egallaydi. O`zining o`ta qattiqqo`lligi, raqiblariga nisbatan shafqatsizligi bilan nom chiqargan Abu Said Mirzo Xuroson taxti uchun uzoq yillar kurash olib borgan. 

Alisher Navoiyning yaqin do`sti Husayn Boyqaro uning ashaddiy raqiblaridan biri edi. Abu Said Mirzo jang maydonida Husayn Mirzo bilan bir necha bor to`qnash kelgan. Navoiyning ikki tog`asi ham aynan Husayn Mirzo tomonda edi. Ko`pchilik olimlar Alisher Navoiyni Abu Said Mirzo ana shu sababga ko`ra Hirotdan badarg`a qilgan bo`lishi mumkin, degan fikrni ilgari surishgan. 

Navoiy ham o`z asarlarida ko`plab temuriy sulton va shahzodalarni maqtab, aynan Abu Said Mirzoni tilga olmaydi, uning hukmdorlik davrini “hayotining eng g`amgin, baxtsiz va sargardon yillari” deb yod etadi.  U Sayid Hasan Ardasher ismli qadrdoniga bitgan maktubida Xurosonda jabr-zulm haddan oshib, odamlar o`rtasida mehr-oqibat yo`qolgani va o`z ona diyorini tark etishga majbur bo`lganini yozadi. Zahiriddin Muhammad Bobur ham Abu Said Mirzo nima sababdan Navoiyni Hirotdan surgun qilganini bilmasligi haqida eslab o`tadi. 

Darhaqiqat, Abu Said Mirzo taxt tepasiga kelgan paytda Navoiyning ota-onasi, tog`alari olamdan o`tgan, yaqinlari Hirotni tark etgan yoki ta`qibga uchragan, ilm-ma`rifat, madaniyat, ma`rifatga e`tibor sezilarli darajada pasaygandi. Balki shuning uchun u o`z ona shahrini tashlab, bir paytlar Amir Temurning poytaxti bo`lgan Samarqandga yo`l olgandir?

“SamarQandi firdavsmonand”

Navoiy o`z asarlarida Samarqandda o`tgan yillari, bu erda tanishgan do`stlarini ko`p bor tilga oladi. Samarqand hokimi Ahmad Hojibek unga alohida e`tibor ko`rsatadi. Ayrim manbalarga ko`ra, bir muddat u Samarqandda sipohiylik (askarlik)da ham bo`lgan, Movarounnahr hukmdori Sulton Ahmad Mirzo qo`shini safida harbiy yurishlarda ham qatnashgan. Ammo tez fursatda bu ishdan voz kechgan. Asosiy e`tiborini tahsil va ijodga qaratgan. 

Navoiy Samarqandda Xoja Ahror Valiy, Abdurahmon Jomiy, Ali Qushchi, Aloi Shoshiy singari mutafakkirlar, shoir va allomalar bilan hamsuhbat bo`ladi. Samarqanddagi tarixiy obidalarni ziyorat qiladi, ulardan olgan taassurotlarini shoh asarlarida esga oladi. Xususan, Mirzo Ulug`bek haqida so`z yuritarkan, u qurgan rasadxonani dunyoning ziynatiga qiyoslaydi:

Rasadkim bog`lamish zebi jahondur,

Jahon ichra yana bir osmondur.

“Saddi Iskandariy” dostonida Samarqandning tarixi haqida so`z yuritarkan, uning bunyod etilishini Iskandar Zulqarnayn faoliyati bilan bog`laydi:

Iskandar otodi Samarqand ani,

Samarqandi firdavsmonand ani...

Navoiyning Samarqanddagi faoliyati bilan bog`liq bir qator voqea­lar hatto afsona va rivoyatlarga yo`g`rilib ketgan. Bir rivoyatga ko`ra, ulug` mutafakkir Samarqand ko`chalarida bir darvesh aytgan baytni yoqtirib qoladi:

Ko`kragimdur suhning perohanidin chokroq,

Kiprigim shabnam to`kulgun sabzadin namnokroq. 

Navoiy bu baytni darveshdan sotib olib, uni g`azal tarzida davom ettirmoqchi bo`ladi. Ammo darvesh bunga ko`nmaydi. Oradan yillar o`tib, Navoiy yana o`sha darveshni eslaydi. Samarqandga odam yuborib uni toptirib keladi. Darveshga katta in`omu ehsonlar berib, o`sha baytni sotib oladi va qolgan baytlarni o`zi bitib chiqadi. 

Yana bir ma`lumotga ko`ra, Navoiy Samarqandga kelgan ilk kunlarda moddiy jihatdan ancha qiynalgan. Kunlarning birida poklanish uchun hammomga borgan, ammo hamyonida etarli puli yo`qligi ma`lum bo`lgach, shu hamyonni hammomchiga garovga berib, bir marta cho`milib chiqishga izn so`ragan. Ammo hammomchi uning iltimosini rad qilgan. 

Keyinchalik esa Samarqandda juda ko`p yaxshi odamlarga duch kelgani, ularning yordamida bu erda to`rt yil umrguzaronlik qilgani, tahsil olgani, go`zal she`rlar bitgani aniq. 

“Majolis un-nafois”da Navoiyda Samarqandda yashagan shoirlar haqida ma`lumot berib o`tadi. Bu erda Hirot, Toshkent, Andijon, ­Shahrisabz, Xorazmdan kelgan ijodkorlar bilan hamsuhbat bo`ladi. Ularning she`rlaridan namunalar keltiradi. Ijodiy bahs-munozaralarni ham yuqoridagi asarida yodga oladi. 

Xurosonga Qaytish

Navoiy Samarqandda yurgan payt­larida Xurosonda taxt uchun kurashlar hamon davom etardi. Husayn Boyqaro yillar davomida u shahardan bu shaharga ko`char, turli jang-jadallarda qatnashar, gohi engib, gohida engilar, ammo azaliy toj-taxt orzusi amalga oshmay kelardi. 

1469 yilda Abu Said Mirzo Fors va Ozarboyjonni Oqqo`nlilardan tortib olish uchun Uzun Hasanga qarshi jangga otlanadi. Ammo qo`shindagi sarkardalarning hukmdordan norizoligi, qo`shinning jangga etarli darajada hozirlik ko`rmagani, qishning o`ta qattiq kelishi Abu Saidni mag`lubiyat sari etaklaydi. Abu Said asir olinadi. Uzun Hasan uning taqdirini Oqqo`nlilar saroyidan boshpana izlab kelgan temuriy shahzoda Yodgorga topshiradi. Yodgor Abu Saidni qatl etadi. 

Shu tariqa Xuroson bir muddat egasiz qoladi. Abu Said Mirzoning o`g`illari Sulton Ahmad va Sulton Mahmud Hirotni egallamoqchi bo`ladilar. Biroq Hirotda boshlangan isyon sababli ortga — Movarounnahrga qaytadilar. 

Xuddi shu fursatda Husayn Boyqaro taxtni egallaydi. U paytda Hirotda bo`lgan Abdurahmon Jomiy va boshqa taniqli shaxslar uning taxtga chiqishini olqishlashadi. 

Tez orada Husayn Boyqaro Samarqandga maktub bitib Navoiyni ortga qaytishga undaydi. Navoiy Xurosonga katta shodiyona bilan qayt­gani Samarqandda bitilgan ushbu baytda ham yaqqol ko`zga tashlanadi:

Ey Navoiy, yor uchun tortar eding g`urbatda ranj, 

Yo`lg`a tush, emdi ravonroqkim, azimat qildi yor.

Navoiy shu taxlit to`rt yilga yaqin umrini Samarqandda kechirdi. Afsus­ki, ulug` mutafakkir Samarqandda o`tgan yillari haqida batafsil ma`lumot bermagan. Faqat turli tarixiy manbalar, o`z asarlaridagi ayrim ma`lumotlar orqali shoir umrining ana shu muhim pallasi haqida muayyan tasavvur uyg`otish mumkin, xolos. 

Rustam JABBOROV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1