1

Dubay asiralarining achchiq ko`z-yoshlari

Jinoyat 31.05.2016, 15:12
Teglar: Ayol, Jinoyat, fohisha
Dubay asiralarining achchiq ko`z-yoshlari

Qulog`imizga har qancha noxush eshitilmasin, XXI asrda odam savdosi gullab-yashnamoqda. Kimningdir singlisi, kimningdir qizi jinsiy qullikka giriftor qilinib, shafqatsiz insonlar qo`lidagi haqir o`yinchoqqa aylanishmoqda. Bu haqda o`ylashning o`zi dahshat. Biroq, O`zbekiston, Qirg`iziston, Birlashgan Arab Amirliklari hududida qul savdosi bilan shug`ullanuvchi yirik to`daning to`riga ilingan o`zbek qizlari ana shunday achchq qismat bilan ro`baro` bo`lishdi.

Bu jinoiy to`daning eng faol a`zolari ayollar bo`lib, ular orasida O`zbekiston fuqarosi, Navoiy shahrida yashovchi Adolat Aminova ham bor edi. Nigora ismli qizini tarbiyalab voyaga etkazayotgan bu ayol boshqa birovlarning qog`ozga o`ralgan qanddek avaylab boqqan iffatli qizlarini fahsh botqog`iga sudrash nainki qonuniy tarafdan og`ir jinoyat, balki axloqi nuqtai nazardan eng jirkanch razolat ekanini tushunmagan bo`lsa?

Biroq, mo`may pul orttirish ilinjida BAA jinoiy doiralarida Anjela nomi bilan tanilgan bu ayol yosh va chiroyli qizlarni Dubay fohishaxonalariga jo`natishni o`ziga kasb qilib oladi. Tergov ma`lumotlariga ko`ra, bu erda qizlar eng oddiy huquqlardan mahrum qilinar, hujjatlari tortib olinib, tahqirlanar, zo`rlanar, faqatgina qorin to`ydirish uchun tinimsiz ishlashga majburlanardi.

Huquq-tartibot organlarining aniqlashicha, navoiylik 28 yoshli Dilshod Qalandarov A.Aminovaning O`zbekistondagi bosh agenti, “tirik tovar” to`plash uchun mas`ul shaxs sanalgan. “Beka”sining topshirig`iga ko`ra, qizlarni qidirib topar, ularning qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirar, uchinchi mamlakatlar – Qozog`iston yoki Qirg`iziston orqali BAAga yuborardi.

Soddadil, go`l qizlar esa, uning balandparvoz va`dalariga chuv tushishar, Dubayda bir-ikki yil ofisiant, parikmaxer yoki farrosh bo`lib ishlash orqali o`zlari orzu qilgan shohona hayotga erishish haqida xomxayollarga borishardi.

Ta`kidlash joizki, ushbu maqola muallifi ishtirok etgan sud majlisida Dilshod Qalandarov avvaliga Adolat Aminovani mutlaqo tanimasligini, uning biznesiga hech qanday aloqasi yo`qligini aytib turib oldi. Ammo, jabrlanuvchilarning ko`zda yosh bilan bergan ko`rsatmalari oldida u aybini tan olishdan boshqa chora topolmadi.

“Tirik tovar” savdosi ishtirokchilarining kirdikorlari haqida o`quvchilarda to`laroq taassurot hosil bo`lishi uchun jabrlanuvchilar bergan ko`rsatmalarning qisqacha mazmuniga ko`z tashlasak.

Samarqandlik Z.K. o`zi Moskvada ishlar, hamyurti F.Sh bilan bitta kvartirada ijarada turishardi. Biroq, rublning qadrsizlanishi natijasida so`nggi paytlarda oladigan maoshi hatto ijara haqini to`lashga ham etmay qolgach, u pul topishning boshqa yo`llarini qidirishga tushdi. Ana shunday kunlarning birida u BAAda oddiy sartaroshlar ham misli ko`rilmagan darajada maosh olib ishlashi haqida eshitib qoldi.

Ana shu fursatda Z.K. bilan Adolat Aminova boshchiligidagi to`daning yo`llari tutashdi. Rossiyada ham o`ziga yarasha tanish-bilish orttirgan Adolat qizni osongina qarmoqqa ilintirdi. Unga qo`ng`iroq qilib, Dubaydan unga ish topganini aytib qoldi. U hatto qizga yo`l xarajatlari uchun 400 dollar pul ham jo`natdi. Shundan so`ng Z.K. o`zining pasport ma`lumotlarini viza rasmiylashtirish uchun D.Qalandarovga yubordi.

Bishkek orqali BAAga yo`l olgan qiz to`ppa-to`g`ri Anjelaning nayrang qafasiga ilindi-qoldi. Anjela unga go`zallik salonida emas, mehmonxonada ishlab, erkaklarga “xizmat ko`rsatishi” lozimligini anglatgach Z.K. dahshatdan tosh qotdi. Har qancha yalinib yolvormasin, foydasi bo`lmadi. “Sen mendan qarzdorsan, ishlab uzmasdan qochib qolishni xayolingga ham keltira ko`rma, aks holda mendan qutulib bo`psan. Boshingga itning kunini solaman”.

Begona yurtda himoyasiz qolgan ojizaning ko`nishdan bo`lak chorasi qolmagandi. Shundan so`ng u “Golden si” mehmonxonasida Anjela aytgan ishni qila boshladi.

Ko`p o`tmay, Z.K.ning pasporti muddati o`tib ketgani bois, uni O`zbekistonga deport qilishdi. Qulog`igacha qarzga botgan Z.K.ning yana olti nafar qizni “tuzoqqa tushirib” allaqanday Shuhrat degan yigitning etovida ortga qaytishdan boshqa chorasi qolmagandi. A.Aminova unga Dubayda qolib, shu erda shahovoniy xizmat ko`rsatadigan shoxobcha ochishni taklif qilib, unga 10 ming dollar qarz beradigan bo`ldi. Albatta shunchaki rahmatga emas, ikki baravar qilib qaytarish sharti bilan. Ammo ko`p o`tmay bu ikki ayol orasidagi munosabat buzildi. Anjela undan olgan qarzni ustida uch yuz dirham qo`shib qaytarishni talab qildi. Keyin esa, Z.K.ning pasportini tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo`lmagan bir qirg`izistonlik ayolga pullab yubordi. Z.K. esa, o`z pasportini undan qaytarib olishi uchun 12 ming dollar to`lashga majbur bo`ldi.

Z.K.singari uning singlisi ham Aminova hamda uning hamtovoqlari changaliga tushib qoldi. Uni ham Dubayga go`zallik salonida ish topib berish va`dasi bilan chaqirib olishib, fohishalikka majbur qilishgandi. Dastavval bu “xizmati” evaziga uning oilasiga har oy 500 dollardan yuborib turishga va`da qilishgandi. Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, oila a`zolari hech kimdan hech qanday pul olishmagan ekan. U ishlab topgan pullarning bari Anjelaning jig`ildoniga tushgan.

Yana bir jabrlanuvchi, Samarqand viloyatining Payariq tumanida yashovchi yana bir ojiza g`urbat diyorida tushkunlikka tushib ichkilikka berilib qolgan. Ana shu aybi uchun Dilshod Qalandarov uni bir necha marotaba yaxshilab do`pposlagan. Uyiga qaytmoqchi bo`lgan yoki o`z xojalari bilan haq talashgan boshqa ojizalar ham ana shunday xo`rlik va azoblarga duchor bo`lishardi.

Qashqadaryo viloyatidan kelgan N.I. Samarqanddan borgan S.G. navoiylik L.Sh. va boshqa shu kabi o`nlab qizlar shirin va`dalarga uchib firibgarlar tuzog`iga ilinganlarini bilmay qolishdi.

Sirdaryo viloyatida yashovchi Manzura Mamatova esa, boshqalardan farqli o`laroq, o`z ixtiyoriga ko`ra fohishalikni tanladi. Toshkentdagi kafelardan birida ofisiant bo`lib ishlab yurgan Manzura Dubayda ishlaydigan Yulduz G`ozieva orqali Anjela bilan tanishib qoldi. U erda qanday yo`l bilan pul topilishini oldindan bilgach, Qozog`iston va Qirg`iziston orqali o`tib, BAAga uchib ketdi. Keyin esa, Adolat Aminovaning fohishaxonasida ishlay boshladi. Oradan ko`p o`tmay, M.Mamatova O`zbekistonga qaytib, Dubayga jo`natish uchun yosh va go`zal, ayni paytda pulga muhtoj qizlarni izlashga tushdi. Uning ilk, va oxirgi (xayriyatki) o`ljasi S.ismli qiz bo`ldi. Manzura uni “opaxon”iga 300 dollarga pullab yubordi.

Ushbu jinoyat ishi qahramonlari orasidan jinoyat olamida Qarshi xola nomi bilan tanilgan qashqadaryolik Raima Sharapovani alohida aytib o`tish joiz. Uning asosiy vazifasi turli mamlakatlardan pulni Anjelaga o`z vaqtida etkazib berish bo`lgan. Tergovda aniqlanishicha, Qarshi xola pul uchun o`zining yaqin sherigi, hatto Dubayga borib ishlashni chin dildan istab yurgan jiyanini sotishdan ham qaytmadi.

Ssenariy o`sha-o`sha: avval yuqori maosh to`lanadigan ish va`dasi, keyin BAAga parvoz, Adolat Aminova bilan uchrashuv va oxir-oqibat fohishaxonadagi jirkanch hayot.

Sud majlisi natijalariga ko`ra, aybdorlar o`z qilmishlariga yarasha uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo, bu bilan o`n gulidan bir guli ochilmagan qizlarning barbod bo`lgan hayoti, toptalgan or-nomusi, sarobga aylangan orzu umidlarini qayta tiklab bo`larmidi? Orada yuz bergan shuncha noxushliklardan keyin ularning hayoti izga tushib ketarmikin?

Buni vaqt ko`rsatadi. Biz esa, mo`may pul topish ilinjida chet elga borishni xomxayol qilib yurgan xotin-qizlarimizni yana bir karra ogohlantirish maqsadida ushba maqolani e`tiboringizga havo qildik.

Furqat Ibrohimov


Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1