Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tuman bo`limi tomonidan “Z.” MChJga qarashli dorixonada tezkor tadbir o`tkazildi.
Unda, dorixona sotuvchisi 5 dona “Tebantin” nomli dori vositasini 100 ming so`mga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan tegishi hujjatlari bo`lmagan sotish uchun mo`ljallangan, 290 dona “Tebantin”va 2 572 dona “Karbamazipin” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, Chilonzor tuman bo`limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.I. 42 dona “Regapen” va 5 dona “Tropikamid” nomli dori vositalarini fuqaro A.ga o`tkazgan vaqtida ushlanib, uning boshqaruvidagi avtotransport vositasi ko`zdan kechirilganda, kuchli ta`sir qiluvchi 32 dona “Regapen”, 12 dona “Tropikamid”, 8 donadan “Riboksin” va “Magvit” nomli dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25,186-3-moddasi (tarkibida kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini resept bo`yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzish) va 251-1-moddasi (kuchli ta`sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






