AsosiySport

“Stranja Cup-2022” xalqaro turniri qahramonlari yurtimizga qaytib kelishdi (sport)

Nufuzli musobaqada umumjamoa hisobida 1-o`rinni egallagan bokschilarimiz O`zbekistonga qay...

'“Stranja Cup-2022” xalqaro turniri qahramonlari yurtimizga qaytib kelishdi (sport)'ning rasmi

Nufuzli musobaqada umumjamoa hisobida 1-o`rinni egallagan bokschilarimiz O`zbekistonga qaytishdi, ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi xabar qilmoqda. 

Xabar berganimizdek, Bolgariyaning Sofiya shahrida “kichik jahon chempionati” sifatida e`tirof etiladigan an`anaviy “Stranja Cup-2022” xalqaro turniri bo`lib o`tdi. 73-marotaba tashkil etilgan musobaqada jahonning 37ta mamlakatidan 370 nafardan ortiq erkak va ayol bokschilar g`oliblik uchun ringga ko`tarilishdi.

Musobaqa erkaklar o`rtasida 13ta, ayollar o`rtasida esa 12ta vazn toifasida tashkil etildi. O`zbekiston terma jamoasi mazkur turnirda 8 nafar erkak va 5 nafar ayol bokschi bilan qatnashib, yakunda 6ta oltin hamda bitta bronza medalini qo`lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 1-o`ringa sazovor bo`ldi.

Alohida qayd etish kerak, Rossiya, Qozog`iston, Ukraina kabi terma jamoalar ikkita tarkib bilan ishtirok etgan “Stranja Cup-2022” xalqaro turnirida vakillarimizning bunday natija qayd etishi boks hamjamiyati orasida katta shov-shuvga sabab bo`ldi.

Bugun yarim tunda ushbu musobaqada ishtirok etgan charm qo`lqop ustalarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Marosimda Sportni rivojlantirish vazirining o`rinbosarlari Shahrullo Mahmudov, Abdulla Aslonov, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, O`zbekiston boks federasiyasi mutasaddilari, sportchilarimizning oila a`zolari, muxlislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Eslatib o`tamiz, terma jamoamiz safida quyidagi bokschilarimiz sovrindor bo`lishdi:

Oltin medal:

-51 kg: Hasanboy Do`smatov,

-57 kg: Abdumalik Xalakov,

-63,5 kg: Mujibillo Tursunov,

-80 kg: Odiljon Aslonov,

-92 kg: Madiyar Saidrahimov,

+92 kg: Lazizbek Mullajonov,

Bronza medali:

-52 kg: Tursunoy Rahimova.

Ma`lumot uchun, musobaqa tashkilotchilari tomonidan oltin medal sohiblari 4 ming Evro, kumush medalni qo`lga kiritgan sportchilar 2 ming Evro hamda bronza medaliga sazovor bo`lgan bokschilar 1 ming Evro miqdoridagi pul mukofotlari bilan bilan taqdirlanishdi.

    Boshqa yangiliklar