"Termiz mintaqaviy temir yo`l uzeli" UKga Xitoydan zamonaviy va yuqori quvvatga ega yuk va yo`lovchi lokomotivi keltirildi. Bu haqda "O`zbekiston temir yo`llari" AJ xabar berdi.
Ta`kidlanishicha, "Termiz mintaqaviy temir yo`l uzeli» UK tasarrufidagi temir yo`l liniyalari tog`li xududning murakkab relefiga ega bo`lgan mintaqada joylashgan va ushbu sharoitda temir yo`l tashuvlarini zamonaviy va kuchli elektrovozlar yordamisiz tasavvur qilish qiyin.
Xitoy davlat xolding kompaniyasi CRRC Group (China Railway Rolling Stock Corporation - «Xitoy temir yo`l kompaniyasi»)da O`zbekiston iqlim sharoitlarini inobatga olib ishlab chiqarilgan elektrovozlar mana bir necha yildan beri o`zini yaxshi tomonidan ko`rsatib kelmoqda.
Yangi keltirilgan elektrovoz yuqori quvvatga ega 2 seksiyadan iborat 8 o`qli yo`lovchi va yuk elektrovozi bo`lib, uning quvvati 9,600 kVt ni tashkil etadi. Uning quvvati tufayli lokomotiv barcha ob-havo sharoitlarida og`ir yuklar bilan ortiqcha qiyinchiliklarsiz harakatlana oladi. Texnik tavsifiga ko`ra, mazkut turdagi lokomotiv tezlikni soatiga 120 km.gacha oshirishi mumkin. Har bir lokomotivning ishlash muddati – 40 yil.
Elektrovoz TOSHIBA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan TCMS zamonaviy nazorat-diagnostika tizimi bilan jihozlangan bo`lib, ushbu tizim elektravozni ortiqcha yuklanishlardan, nosozliklardan himoya qiladi va mashinistga o`z vaqtida xabar beradi. Ya`ni elektravozning elektron uskunalarining holati, yuqori va past kuchlanishli elektr jixozlarining holati, tormoz tizimi, havfsizlik tizimi, radioaloka tizimi va boshqa tizimlarning sozligi buyicha monitor orqali ko`rsatib turadi. Misol uchun, agar safar davomida uskunalarda muammo aniqlansa, ushbu xabar ichki kompyuter monitoriga chiqariladi va bu erda, shu bilan birga uni bartaraf etish choralari haqida ma`lumot ham beriladi, – deyiladi xabarda.






