AsosiyJamiyat

O`qituvchilar shu kasbni tanlaganidan afsus qilishmasin. Yoxud jamiyatda o`qituvchilarni beqadr qilayotganlar kimlar?

'O`qituvchilar shu kasbni tanlaganidan afsus qilishmasin. Yoxud jamiyatda o`qituvchilarni beqadr qilayotganlar kimlar?'ning rasmi

Bu dunyoda hamma ma`lum bir ma`noda ustozdir. Har birimiz ota-onamiz, farzand tarbiyalaymiz, kimgadir pand-nasihat qilamiz, kimningdir taqdirida muomala va fikrlarimiz bilan rol uynaymiz.

“Sallasini olib kel desa, kallasini qo`shib olib keladi”, degan maqolni keyingi yillarda tez-tez eshitishga to`g`ri kelmoqda. Bu mahalliy davlat hokimiyati organlarining xatti-harakatiga o`xshab ketadi, desak ham bo`ladi. Masalan, Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktablardan birida direktor boshchiligida, hokimlik vakillari topshirig`iga binoan o`qituvchilar maktabdagi ta`lim sifati va bitiruvchilarning oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirish darajasi pastligi uchun ota-onalardan uzr so`rashga majbur qilindi. Buni qanday izohlash va oqlash mumkin? Nima uchun yurtimizda bunday holatga yo`l quyildi? Axir, Andijonda hatto chaqaloqlarni ham sizlab gapirar edilarku...

Eng dahshatlisi, ustozlarning elkalari bukildi, yuzlari erga qaratildi, ularni ruhan sindirishdi. Yosh ustozlar ochiq-oshkora “o`qituvchilik kasbini tanlaganimdan ming afsusdaman”, deya xulosa qilishmoqda. Hech bir zamonlarda, hech bir jamiyat va davlatlarda bunday holat bo`lmagan. Aksincha, masalan, Hindistonda ustozlarning hurmati shu darajada yuqoriki, hatto ularning soyasiga ham oyoq bosishmaydi yoki Yaponiyada ustozlarga nafaqat maktabda, balki hamma joyda birdek ta`zim-hurmat bajo keltiriladi hamda har bir yaponiyalik bolakay o`qituvchi bo`lishni orzu qiladi.

Darhaqiqat, Iogann Gyote o`z zamonida betakror fikrlarni aytgan: “Chinakam shogird bor narsalar negizida mavhum narsalar rivojini o`rganadi va shu yo`l bilan ustoziga yaqinlashib boradi”. Bugungi holat esa, ustozning nafaqat obruyini to`kishga, balki farzandlarimiz tarbiyasiga ham salbiy ta`sir qilmoqda. Ular ustozidan uzoqlashgan sari, ilm-fan, ma`rifat va dunyoviy tafakkurdan uzoqlashmoqda. Shuning uchun bo`lsa kerak, bugungi kunda ba`zi yoshlarning xatti-harakatlari tushunarsiz va ularni oqlash, anglash juda mushkul bo`lmoqda. Bunday holatlar ta`lim tizimidagi muammolarning yanada chuqurlashishi, murakkablashishi va chigallashishiga olib kelmoqda.

Tan olish kerak, bugun ta`lim tizimida muammolar yo`q emas. Ularning echimlari bosqichma-bosqich hal qilinmoqda. Yangi O`zbekistonda ta`limni raqamlashtirish, milliy va xorijiy tajribani o`rgangan holda, innovasion ta`lim tizimi shakllanmoqda. Ba`zida biz e`tiborsiz qoldirgan, mayda-chuydadek tuyuladigan holatlar aynan muammolarning oldini olishda boshlang`ich nuqta bo`lishi mumkin.

Avvalo, bugungi jarayonlarga ba`zi insonlar o`z munosabatini o`zgartirishi zarur. Tub o`zgarishlarning maqsadini kimnidir engil-elpi gapidan emas, balki o`zi o`rganib, tushinib olib, ishtirok etishi muhimdir. Shundagina “salla desa, kallani olib kelish”larga chek quyiladi.

Tan olish kerakki, ta`lim murakkab jarayondir. Undagi “bo`shliq”larda kimnidir aybdor qilish o`rinsiz. Ta`limda maktab-lisey-oliy ta`lim-oila-mahalla birgalikda yaxlit, klaster tizimida faoliyat olib borsagina, yutuqlarga erishish mumkin.

Eng muhimi, o`qituvchilarni tepadan nazorat qilish emas, balki ustozlarning o`zini-o`zi nazorat qilishiga imkon yaratib berish davr talabi bo`lib qolmoqda. Ya`ni o`qituvchilarni aniq vaqt va muddatda malaka oshirishga yuborish va uni qattiq nazorat qilish shart emas. Bugungi raqamlashtirilayotgan zamonda o`qituvchilar o`ziga qulay bo`lgan vaqtda o`zining malakasini oshirishi, sinashi uchun onlayn (bepul) tarzda platforma yaratilishi kerak. Bu esa, o`z navbatida, ustozning yangi g`oyalarini mustaqil ravishda amalga oshirishga zamin yaratadi.

Xulosa qilar ekanmiz, ustoz bo`lish o`ta mas`uliyatli va sharafli kasbdir. Xalqimizda “ustoz otangdek ulug`”, degan yaxshi gap bor. Darhaqiqat, ota insonning dunyoga kelishiga sababchi bo`lsa, ustoz unga hayotda yashashni ta`lim beradi. Demak, ustoz farzandlarimizni qo`lidan qattiq ushlagan holda, yangicha fikrlashga, dunyoviy bilimlarga ega bo`lishiga, mustaqil fikr va g`oyalar yaratish sari etaklaydi.

Feruza USAROVA, 

O`zRFA huzuridagi O`zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo`yicha 
Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori vazifasini bajaruvchi,
siyosiy fanlar nomzodi, dosent

    Boshqa yangiliklar