Toshkentda bir insonning o`limiga va yana bir qizning jarhatlanishiga sabab bo`lgan yigitga sud hukmi o`qildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Toshkent shahar Matbuot xizmati rahbari Sadoqat Allaberganova xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, sudlanuvchi dehqon bozori orqa qismida joylashgan avtoturargohga kirish qismidagi yo`lakchada gaplashib yurgan qizi bilan tortishib qoladi,orada yigitni insofga chaqirish uchun boshqa fuqaro ular orasiga tushadi. Fuqaro sudalanuvchiga gaplashib yurgan qizi bilan oila qurolmasligini, uni tinch qo`yishini tushuntirganida, yigit dastlab rozi bo`ladi. O`zaro qo`l tashlashib xayrlashgan bo`lsada, bezorilik oqibatida yonida bo`lgan oshxona pichog`i bilan qurollanadi. Fuqaroni qasddan o`ldirish maqsadida qo`lidagi pichoq bilan uning ko`krak va qorin qismiga bir necha marotaba urib, uni qasddan o`ldirgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi tungi soat taxminan 23:00 larda ishqiy munosabatda bo`lgan qizi bilan o`zaro kelib chiqqan janjal sababli, pichoq bilan uning ko`krak qismi, o`ng elka va bilak sohalariga bir necha marotaba urib, qasddan sog`ligining qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan engil tan jarohati etkazgan.
“ERGA O`TIRIB, SO`NG YoTIB QOLDIM”
Sudda jabrlanuvchi qiz quyidagilarni bayon qildi...
— U bilan tanishib, ishqiy munosabatda bo`lib kelganmiz. Munosabatlarimiz yaqin bo`lib ketgani sabab, unga qarz berganman. Voqea sodir bo`lgan kun u bilan birga edik. Shu bois bozordagi ish joyimga kechki soat 18:00 da keldim va narsalarim sotilmay qolganini ko`rdim. Ertasi kuni viloyatga to`yga ketishimiz kerak bo`lgani bois singillarim ham bozorga kelgandi. Sudlanuvchi tinmay qo`ng`iroq qilavergach, singlim javob berdi va tinch qo`yishini so`radi. Yana qo`ng`iroq qilavergach, o`zim telefonni ko`tardim, “uyga ketib qolma, hozir bozorga etib boraman”, dedi. Singillarim bilan uni kutib turdik. Ko`chadagi tanishimdan 500 000 so`m qarz bo`lganim sababli, qarzimni qaytarishimni so`rab o`sha kuni kun davomida bir necha marotaba qo`ng`iroq qilgandi. Shu bois qarz bergan tanishimni kechki payt chaqirdim, maqsad qarzimni berib yuborish edi.
Taxminan soat 22:00 lar atrofida sudlanuvchi etib keldi. Singillarim unga chiroyli muomala bilan meni tinch qo`yishini aytishdi. Shu vaqt qarz bergan tanishim ham kelib qoldi. Tortishuv bo`layotganini ko`rib, u ham aralashdi. Tanishim sudlanuvchiga “erkak kishimiz, chetroqqa o`tib gaplashaylik”, deya chetroqqa olib o`tdi. Men ham ular bilan bordim. Tanishim sudlanuvchiga juda muloyimlik bilan tanbeh berib, meni tinch qo`yishini aytdi. Ikkalasi ham oxirida o`zaro qo`l tashashishdi va ikki tarafga ketdik. Birozdan so`ng sudlanuvchi “to`xta” deb baqirganida orqamga o`girildim. Mashinasidan pichoq olib beliga joylab qo`yganini ko`rdim. Sudlanuvchi tanishimning yoniga yugurib keldi va tanishimni o`sha erdagi archa tomonga qarab sudradi. Natijada ikkalasi urishib ketishdi. Sudlanuvchi tanishimning qorniga qo`lidagi pichoq bilan bir necha marotaba urdi. Uni to`xtatish maqsadida o`zimni ularning orasiga urdim. Shunda pichoq bilan menga ham bir nechta jarohat etkazdi. Erga o`tirib, so`ng yotib qoldim...
So`ng IIB xodimlari kelib meni shifoxonaga olib borishdi. Voqea vaqtida sudlanuvchi meni o`ldirish bilan qo`rqitmagan. Sudlanuvchiga nisbatan da`vom yo`q, faqat olgan qarzini undirib berishingizni so`rayman.
“QILMIShIMDAN PUShAYMONMAN”
Sudda sudlanuvchi aybiga qisman iqrorlik bildirdi...
— O`sha kuni ishqiy munosabatda bo`lgan tanish qizimni bozorga tashlab uyimga ketgandim. Oradan bir soatlar vaqt o`tgach, qizni singlisi qo`ng`iroq qildida, “opamning savdosi qolib ketdi. Opamni tinch qo`ying”, deya haqorat qildi. Birozdan so`ng o`zim qo`ng`iroq qilganimda singlisi yana haqorat qilib, “erkak bo`lsang kel”, deganidan jaxlim chiqib bordim. Kelayotganimda taniish qizim qo`ng`iroq qilib, “kelmang, singlim bir nechta bolalarni yig`ib qo`ygan, urdirmoqchi”, dedi. Mashinamdan tushayotganimda tarvuz-qovun sotganimda ishlatadigan oshxona pichog`ini shimimga qistirib qo`ydim. Ularning oldiga borganimda singillari so`kinib, baqirib ketishdi. E`tibor tortmay, gaplashib olishni taklif qildim. Biroq, opa-singillar “tinch qo`ying yoki opam bilan qonuniy nikohdan o`tib turmush quring”, deyishdi. Shu vaqtda yonimizga bir erkak kelib salomlashib, chetroqqa o`tib gaplashib olishni taklif qildi. Gaplashib olib, u bilan o`zaro qo`l tashlashib, ular bilan xayrlashdim. Shu vaqtda singlisi o`rtaga qo`shilib, “bu yaxshilikni tushunmaydi, boshqachasiga tushuntirish kerak”, dedi. Boyagi yigit esa meni chetroqqa torib, “ukam, bir-birimizni tushundig-a? Agar yana bir marta qizni yonida ko`rsam yoki eshitsam, oyoq-qo`lingni sindirib ketaman...” deya o`tmishini xotirladi. Orada yana kelishmovchilik bo`ldi. U ikki qo`li bilan ko`kragimdan itarib yubordi, yiqildim. O`rnimdan turib, uning harakatini takrorladim. Yuzimga ikki marotaba musht tushirdi. Egilib ortimga qochib, belimga qistirilgan pichoqni o`ng qo`liga olib, yigitni qorniga urdim. U meni urmoqchi bo`lganida, qayta-qayta qo`limdagi pichoq bilan tanasining turli qismlariga tiqib oldim. Shu vaqtda orqamdan kimdir ushlab olganini sezdim. Qattiq xayojonda bo`lganim uchun u odamga ham bir-ikki marta pichoq tiqib oldim. Keyin orqamdagi odam tanish qizim ekanini ko`rdim... Qilmishimdan pushaymon.
OZODLIKDAN MAHRUM QILINDI...
Tolibjon Obidov, jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudi raisi:
— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksi (JK) ning 97-moddasi (Qasddan odam o`ldirish) 2-qismi “l” bandi va 109-moddasi (Qasddan badanga engil shikast etkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
JKning 59-moddasiga asosan tayinlangan asosiy jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan 15 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo umumiy tartibli kaloniyalarda o`tattirilishi belgilandi.