AsosiyJamiyat

Toshkentda Umraga soxta pasport bilan ketayotgan ziyoratchilar to`xtatildi

'Toshkentda Umraga soxta pasport bilan ketayotgan ziyoratchilar to`xtatildi'ning rasmi

O`zbekiston, Tojikiston va Qirg`iz Respublikasi fuqarolaridan tarkib topgan uyushgan jinoiy guruh o`zaro til biriktirib, muntazam ravishda O`zbekiston fuqarolarini noqonuniy yo`llar orqali Umra ziyoratiga yuborish bilan shug`ullanib kelgan. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, DXX tomonidan 2022 yil 1 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali “Toshkent-Al-Quvayt” yo`nalishida Qozog`iston Respublikasining qalbaki pasportlari bilan 40 nafar O`zbekiston fuqarolari Umra ziyoratiga ketishi rejalashtirilgani aniqlanib, ulardan qalbaki pasportlar olib qo`yilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning 6 fevral kuni Saudiya Arabistoniga Umra ziyorati uchun otlangan 47 nafar O`zbekiston Respublikasi fuqarolari Birlashgan Arab Amirliklari orqali Saudiya Arabistoniga chiqib ketayotganda soxta pasportlar bilan ushlanib, mamlakatimizga “deport” qilingan.

Shuningdek, Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlarida bir nechta uyushgan jinoiy guruh a`zolari fuqarolarimizni Umra ziyoratiga noqonuniy tarzda, ya`ni qalbaki pasportlar va vizalar bilan olib chiqib ketilayotganda qo`lga olingan.

Avvalroq, Musulmonlar idorasi joriy Umra mavsumida ikki nafar o`zbekistonlik ziyoratchi Madina aeroportida Saudiya Arabistoni Chegara xavfsizlik xizmati tomonidan to`xtatib qolingani va ularda mamlakatga kirishga taqiqi borligi to`g`risida ma`lumot bergandi. Ta`kidlanishicha, ushbu ikki nafar o`zbekistonlik fuqaro Qirg`iz Respublikasining qalbaki pasporti bilan 2019 yilda Umra safariga borib kelgan.

Ma`lumot uchun: qalbaki pasport bilan ushlangan fuqarolar uchun Saudiya Arabistoni tomonidan 10 yil muddatga ushbu mamlakatga kirish taqiqi qo`yiladi.

 

 

    Boshqa yangiliklar