AsosiyJamiyat

Endi Davlat xizmatlari markazlarida “ezgulik qutilari” joylashtiriladi

'Endi Davlat xizmatlari markazlarida “ezgulik qutilari” joylashtiriladi'ning rasmi

Adliya vazirligida Davlat xizmatlari agentligi va “Ona” jamoat fondi o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi va birgalikdagi ijtimoiy loyihani amalga oshirishga kelishib olindi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.

Unga ko`ra, davlat xizmatlari markazlarida “Ona” jamoat fondining “ezgulik qutilari” joylashtiriladi. Mazkur qutilar orqali yig`ilgan mablag`lar turmush sharoiti og`ir bo`lgan, ko`p farzandli ayollar va boquvchisi yo`q yolg`iz onalarni qo`llab-quvvatlash va ularga moliyaviy ko`mak ko`rsatishga yo`naltiriladi.

Mablag`larni qabul qilib olish va ularni hisobga olish bo`yicha maxsus nizom tasdiqlangan bo`lib, fond tomonidan bu haqda jamoatchilikka axborot berib boriladi va mablag`lar shaffoflik tamoyillari asosida sarflanishi ta`minlanadi.

“Ona” jamoat fondi 2021 yil 13 avgustda davlat ro`yxatidan o`tkazilgan bo`lib, asosiy maqsadi qiyin hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan ayollarni ijtimoiy himoya qilishga ko`maklashish.

Bugungi kunga qadar Fond 60 dan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikaning turli hududlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar bilan manzilli ravishda ishlab kelmoqda. Xususan, xorijda amalga oshiriladigan murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun fond tomonidan mablag`lar ajratib berildi.

Adliya vazirligi kelgusida bu kabi ezgu tashabbuslarni qo`llab-quvvatlash, hayotga tatbiq etishga va hamkorlikka tayyor ekanligi ma`lum qilinadi.

    Boshqa yangiliklar