Avvalroq, Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag`ishlangan bayram tadbiri bo`lib o`tayotgani haqida xabar bergan edik.
Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida o`tayotgan tadbirda O`zbekistonda ayollarni ijtimoiy himoya qilish bo`yicha yondashuvlar ham tubdan qayta ko`rib chiqilishini ma`lum qilindi. Bu haqda Darakchi.uz jurnalisti xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, ehtiyojmand ayollarga zarur sharoitlar yaratish, xotin-qizlar salomatligini tiklash va muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq joylarda yashaydigan ayollarning kasb-hunar egallashiga ko`maklashish, bandligini ta`minlash, tadbirkorlikka jalb qilish bo`yicha muhim tadbirlar amalga oshiriladi.
“Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasida ishlayotgan xotin-qizlar sonini yanada ko`paytirish maqsadida “Bizneschi ayollar” dasturi qabul qilinib, uning doirasida 8 trillion so`m mablag` yo`naltiriladi. Shuningdek, joriy yilda Ipoteka kreditlari bo`yicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan ta`minlash imkoniyatini beradi”, — deydi prezident.
Shavkat Mirziyoevning ma`lum qilishicha, bunday keng ko`lamli ishlar ijrosi uchun 15 trillion so`m mablag` yo`naltiriladi.
“Barcha hududlarimizda jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta`sir ko`rsata oladigan, obro`-e`tiborli ayollarni o`z safida birlashtirgan “Oqila ayollar” harakatini sizlar bilan birga tashkil etsak, bu ezgu harakat tom ma`noda jamiyatimiz ovoziga, mahalla vijdoniga aylanadi, deb o`ylayman”, — deydi davlat rahbari.






