AsosiyJamiyat

75 ta normativ-huquqiy hujjatda 302 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan

'75 ta normativ-huquqiy hujjatda 302 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan'ning rasmi

Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova ma`lum qildi.

O`zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaratishda inson omilini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, quyidagi yo`nalishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish borasida samarali  tizim  yo`lga qo`yib kelinmoqda.

Birinchidan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq e`lon qilib boriladigan ma`lumotlarning aniq  ro`yxati  shakllantirildi.

Bunda, davlat organlari faoliyatining etarli darajada ochiqligi va shaffofligini ta`minlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga etarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning ochiqlik sohasidagi majburiyatlarga to`liq rioya etilishi hamda amaldagi qonun hujjatlarining ijro holati muntazam o`rganilib, monitoring qilib borish tizimi yo`lga qo`yildi.

Ochiq ma`lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo`lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlarni e`lon qilishda sustkashlikka yo`l qo`ygan 72 ta davlat organi va tashkilotlarga ogohlantirish xatlari yuborilib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish etish bo`yicha ularga amaliy yordam ko`rsatildi.

 Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risidagi qonunchilik hujjatlari xatlovdan o`tkazilib, korrupsiyaviy omillar va huquqiy bo`shliqlarni bartaraf qilish choralari ko`rib  borilmoqda.

Xususan, qurilish, sog`liqni saqlash, oliy ta`lim va davlat xaridlari sohalariga oid 226 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilganida 75 ta normativ-huquqiy hujjatlarda jami 302 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.

O`z navbatida, tahlillar ularning 124 tasi qurilish, 41 tasi sog`liqni saqlash, 91 tasi oliy ta`lim, 46 tasi davlat xaridlari sohalariga to`g`ri kelishligini ko`rsatgan.

Aniqlangan korrupsiyaviy omillarning tahlili, mazkur hujjatlarda “normativ huquqiy hujjatlar o`rtasida ziddiyatlarning mavjudligi” (86 ta), “diskresion vakolatlarning kengligi” (55 ta), “ma`muriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki to`liq emasligi” (27 ta) bilan bog`liq korrupsiyaviy omillar eng ko`p uchrayotganligini ko`rsatdi.

Shunga ko`ra, normativ-huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo`yicha qonunchilikka tegishli o`zgartirishlar kiritish bo`yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Uchinchidan, davlat xaridlari sohasida qonunchilikda korrupsiyaning oldini olish va oshkoralikni ta`minlash bo`yicha bir qator o`zgartirishlar kiritildi:

- Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi va uning affillangan shaxsi bir savdoda ishtirok etishi, xarid komissiyasi a`zosining ishtirokchilar bilan affillanganlik holatida ovoz berishi cheklandi;

- Hisob palatasi davlat xaridlarini auditdan o`tkazishi va natijalarini har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishi hamda ochiq axborot manbalarida e`lon qilib borishi belgilandi.

- Moliya vazirligi va boshqa ishtirokchilarga savdo natijalari, qonun buzilish holatlari va tahliliy ma`lumotlarni ochiq axborot manbalarida  e`lon  qilib  borish  vazifasi  yuklatildi;

- Maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtirildi;

Davlat xaridlari sohasidani qonunchilikni buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilandi.

Davlat xaridlari va xo`jalik yurituvchi sub`ektlar o`rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda kontragentlarni tekshirish amaliyotini mexanizmi  bosqichma-bosqich  joriy  etib  borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar