AsosiyJamiyat

Ayol yoki erkak haydovchi degan tushuncha xato, tajribali va tajribasiz haydovchilar bo`ladi

'Ayol yoki erkak haydovchi degan tushuncha xato, tajribali va tajribasiz haydovchilar bo`ladi'ning rasmi

Ko`pchilik mashina haydash erkak kishiga yarashadi, deydi. Ammo bugungi kunda mashina ayollar uchun ham yaxshi hamroh, yanayam aniqrog`i, katta yordamchiga aylangan. Ayollarimiz ham texnika tilini tushunib, barcha qonun-qoidalarga amal qilib rulni boshqarishyapti. Qolaversa, mashina boshqarishni boshqalarga o`rgatayotgan xonimlar ham bor. "Darakchi" muxbiri Maftuna JO`RAEVA uzoq yillardan beri instruktorlik qilib kelayotgan Nilufar Fayzieva bilan suhbatlashdi.

Nilufar Fayzievaning bu sohani tanlashiga ustozi rahmatli Komil aka sabab bo`lgan. U 2006 yilda haydovchilik guvohnomasini olgach ustozining taklifi bilan avtomaktabda ishda qolgan. 2014 yilda tumanda yagona ayol instruktori bo`lgan. 

Uning ta`kidlashicha, har bir inson mashinaga o`tirdimi, u haydovchi. 

- Ayol yoki erkak haydovchi degan tushuncha xato, tajribali va tajribasiz haydovchilar bo`ladi. To`g`ri, ko`pchilik erkaklar rul boshqaruvida ayol kishini ko`rsa, jig`iga tekkisi kelib ataylab yo`l bermaydi yoki siqib o`tib ketadi. Bunday erkaklarni o`zini o`zi hurmat qilmaydigan deyish mumkin. Kerak bo`lsa, erkak kishilardan ham mashinani yaxshi boshqara oladigan ayollar juda ko`p. Hatto statistikada ham ko`proq ayollar qoidalarga amal qilinishi keltirib o`tilgan. Odamda avvalo mashina haydash madaniyati bo`lish kerak. Shundagina yo`llarimizda avtohalokatlar kamroq bo`ladi.

Xatolarga kelsak, mashinani yomon boshqaradiganlar orasida erkaklar ham, ayollar ham bor. Lekin ayollarniki darrov bilinadi. Chunki ayol haydovchilar soni kamroq, O`zbekistonda taxminan erkak haydovchilar 70 foizni tashkil qilsa, ayollar 30 foiz atrofida. Balki, shuning uchun ham ayollarning kichik xatosi ko`zga tez tashlanar?

N.Fayzieva  "rul"dagi ayollarga o`z tavsiyalarini berdi:

—  Avvalo, hech qachon qo`rqmaslik­lari kerak. Shunda mashinani erkin boshqarish imkoniyati bo`ladi. Ayol kishimi, erkak kishimi, endi o`rganayotganmi yoki ancha yillik o`rganuvchimi farqi yo`q, qo`rqmaslik kerak. Agar o`zlari qo`rquvni engmasalar, qo`rquv ularni engib qo`yadi. Yana bir narsani aytishim kerak, mashina boshqarayotganda faqat bir tomonlama qarash kerakmas, hamma narsaga e`tiborli bo`lish lozim. Shundagina yaxshi haydovchi bo`lish mumkin. Mashina boshqarish judayam oson ish, ammo qoidalarga amal qilib sinchkovlik bilan boshqarish qiyin.

 

 

    Boshqa yangiliklar