Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda "O`zsuvta`minot" AJ Investisiya va investision loyihalarni amalga oshirish departamenti boshlig`i Anvar Hakimov ma`lum qildi.
Mamlakatimizning yangi rivojlanish bosqichida barcha sohalar kabi aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilashga katta e`tibor qaratilmoqda.
Jumladan, shu yilning 8 fevral kuni bo`lib o`tgan yig`ilishda muhtaram yurtboshimiz tomonidan kelgusi besh yilda sohaga 40 trln so`m investisiyalar jalb qilib, ichimlik suvi ta`minotini 90 foizga, oqova suv tizimi qamrovini esa 35 foizga etkazish vazifasi qo`yildi.
Shundan kelib chiqib, ushbu qo`yilgan maqsadlarga erishish uchun bugungi kunda “O`zsuvta`minot” aksiyadorlik jamiyati xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalari yanada kengaytirilib, ular tomonidan ajratilayotgan imtiyozli qarz mablag`laridan samarali foydalanishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Natijada, sohada jalb etilayotgan investisiyalar hajmi yil sayin ortib bormoqda.
Agar 2021 yilda sohada 118 million dollar mablag`lar o`zlashtirilgan bo`lsa, joriy yilda bu ko`rsatkichni 245 million dollarga etkazish ko`zda tutilmoqda.
2021 yilda o`zlashtirilgan mablag`larning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (53,8 mln. dollar), Jahon banki (36,0 mln. dollar) va Islom taraqqiyot banki (17,7 mln. dollar) hissasiga to`g`ri keldi.
Hududlar bo`yicha esa Toshkent viloyati (32,8 mln. dollar), Buxoro viloyati (29,6 mln. doll.), Jizzax viloyati
(18,4 mln. doll.), Sirdaryo viloyati (17,7 mln. doll.) hamda Samarqand viloyatiga (14,9 mln. doll.) hissasiga to`g`ri keldi.
O`tgan yili xalqaro moliya institutlari mablag`lari hisobidan qariyib 290 kilometr ichimlik suvi tarmog`i,
1 ta suv tozalash inshooti, 16 ta suv taqsimlash inshooti,
9 ta suv qudug`i va 17 ta suv minorasi qurildi.
Shuningdek, 125 kilometrdan ziyod oqova suv tarmog`i,
1 ta oqova suv tozalash inshooti va 5 ta oqova suv nasos stansiyasi qurildi.
2021 yilda xalqaro moliya institutlari ishtirokida Samarqand shahrida oqova suv ta`minoti yo`nalishidagi loyiha ishga tushirildi.
Ushbu loyihani foydalanishga topshirish natijasida Samarqand shahridagi 304 ming nafar aholining oqova suv ta`minoti yaxshilandi. Aholining oqova suv xizmati bilan ta`minlanganlik darajasi esa 64 foizdan 80 foizga etdi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining Olot va Qorako`l hamda Samarqand viloyatining Qo`shrobod tumanlarida ichimlik suv ta`minotini yaxshilashga mo`ljallangan loyihalar ishga tushirildi.
Natijada, Olot tumanida 91 ming, Qorako`l tumanida 139 ming, Qo`shrabod tumanida 83 mingdan ziyod aholi ichimlik suvi bilan ta`minlandi.
Aholining ichimlik suvi bilan ta`minlanganlik darajasi Olot tumani 25 foizdan 100 foizga, Qorako`l tumanida 15 foizdan 92 foizga etishiga erishildi.
2022 yilda ham sohani rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari ishtirokida 18 ta investisiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalar Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki,
Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot va OPEK jamg`armalarining 1 milliard 800 million dollarga yaqin qarz mablag`lari hisobidan moliyalashtirilishi ko`zda tutilgan.
Yuqorida ta`kidlab o`tganimdek, joriy yilda
245 million dollar mablag`lar o`zlashtirilishi belgilangan.
Mazkur mablag`lar hisobidan 576 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 1 ta suv tozalash inshooti, 29 ta ichimlik suv taqsimlash inshooti hamda 117 kilometr oqova suv tarmoqlari, 7 ta oqova suv tozalash inshooti va 22 ta oqova suv nasos stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.
O`tgan ikki oy davomida 14 million dollardan ortiq qarz mablag`lari o`zlashtirilib, topshiriq ijrosi 102 foizga bajarildi.
O`zlashtirilgan mablag`larning asosiy qismi
Osiyo taraqqiyot banki (44,2 foiz yoki 6,3 mln. doll.),
Islom taraqqiyot banki (29 foiz yoki 4,1 mln. doll.) hamda
Jahon banki (11,9 foiz yoki 1,7 mln. doll.) hissasiga to`g`ri keldi.
Hududlar bo`yicha esa Toshkent (4,9 mln. doll.), Sirdaryo (4,1 mln. doll.), Buxoro (1,7 mln. doll.) hamda Jizzax (1,4 mln. doll.) viloyatlari hissasiga to`g`ri keldi.
O`zlashtirilgan mablag`lar hisobidan yanvar-fevral oylarida jami 34 kilometr ichimlik suv tarmoqlari hamda 15 kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi.
Yuqoridagi ishlarni izchil davom ettirgan holda, joriy yil yakuniga qadar 3 ta loyihani to`liq foydalanishga topshirish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.
Xususan, 2022 yilda Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlarida ichimlik suv ta`minoti bo`yicha Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyiha ishga tushirilishi ko`zda tutilgan.
Iyun oyida 121 million dollar qarz mablag`lari evaziga Toshkent viloyatidagi loyiha doirasida sutkalik quvvati 100 ming kub metrga teng bo`lgan “Qodiriya” suv tozalash inshooti to`liq foydalanishga topshiriladi.
Loyiha doirasida yil yakuniga qadar 18 ta suv taqsimlash inshooti, 37 ta suv havzasi va 434 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari ishga tushiriladi.
Mazkur loyihaning foydalanishga topshirilishi evaziga Toshkent viloyatining 31 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 265 ming aholi ichimlik suvi bilan ta`minlanadi.
Shuningdek, joriy yilda Jizzax, Guliston, Shirin, Yangier va Buxoro shaharlarida oqova suv ta`minoti bo`yicha xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar ishga tushirilishi ko`zda tutilgan.
Shu bilan birga, ayni paytda ichimlik suv ta`minoti og`ir bo`lgan Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Andijon, Farg`ona, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasidagi muammolarni echishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Bu borada xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag`lari hisobidan qiymati 2 milliard 150 million dollarga teng bo`lgan 24 ta yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.






