Joriy yilning 10 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021 yildagi faoliyati to`g`risida Jamoatchilik kengashi oldidagi hisobotiga bag`ishlangan matbuot ajumani bo`lib o`tdi.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanova korrupsiyaga oid jinoyatlar tahliliga oid ma`lumotlarga ham alohida to`xtalib o`tildi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda Respublika bo`yicha jami 5483 nafar shaxsga nisbatan, 3769 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishlari ko`rib chiqish uchun tegishli tartibda sudlarga yuborilgan. 2020 yil bilan taqqoslaganda sudga yuborilgan jinoyat ishlar soni 2621 taga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 3 760 taga yoki 218 foizga ko`paygan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2020 yilda 500 mlrd 102 mln so`mlik moddiy zarar etkazilib, 355 mlrd. so`m yoki 71,0 foiz undirilgan bo`lsa, 2021 yildagi moddiy zarar miqdori 1 trln. 282 mlrd.ni tashkil etib, 887 mlrd so`mi yoki 69,1 foizi undirilgan.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yilda Agentlik tomonidan “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlar va sohalar kesimida 50 dan ortiq o`rganishlar o`tkazildi. Shuningdek, qurilish sohasidagi jami 461,3 mlrd so`mlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish ob`ektlarida o`rganish o`tkazildi.
Aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan to`plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinishi orqali jami 49 ta jinoyat ishi va 24 ta ma`muriy huquqbuzarlikka oid ishlar qo`zg`atilishi ta`minlandi.
Davlat xaridlari sohasida 2021 yilda o`tkazilgan masofaviy monitoringda byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 145,3 mlrd so`mlik 452 ta tanlovda “Davlat xaridlari to`g`risida”gi va “Raqobat to`g`risida”gi Qonunlarning talablari buzilishiga yo`l qo`yilganligi aniqlanib, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilishga qaratilgan 372 ta taqdimnoma kiritildi va tanlovlar bekor qilinib, byudjet mablag`larining maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
Ma`lum qilinishicha, bugungi kunga kelib, 88 ta davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari joriy etilgan bo`lsa, 52 tasida to`liq yo`lga qo`yilmagan.
Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi va korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tashkil etishda yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan 34 ta taqdimnoma kiritilgan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi 5177-son Qaroriga muvofiq, Agentlik davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, ustav kapitalida davlat ulushi bo`lgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etish va ularning samarali faoliyat ko`rsatishini ta`minlash vazifasini amalga oshirib kelmoqda.
Agentlik tomonidan mahalliy davlat hokimliklari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlarni rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida joylashtirib borilishiga oid majburiyatlariga rioya qilinishi o`rganilib, tahlil qilingan.
O`rganishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyat hokimliklari tomonidan mahalliy byudjet mablag`larining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag`lar yo`naltirilgan maqsadlar to`g`risidagi ma`lumotlar kamchiliklarga yo`l qo`yilgan holda qisman ochiqlanishi ta`minlangan bo`lsa, Toshkent, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari mazkur majburiyatlarini umuman bajarilmaganligi aniqlangan.
Ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlarning belgilangan tartibda ochiqlanishini ta`minlamagan 13 ta viloyat hokimliklari qonunbuzilishi holatlarini bartaraf qilish haqida rasman ogohlantirilgan.
Agentlik tomonidan 2021 yil davomida hamkorlikka oid 10 ta xalqaro hujjat (memorandum, hamkorlik dasturlari) imzolandi. Jumladan, Agentlik hamda BMTning Giyohvand moddalar va Jinoyatchilik bo`yicha boshqarmasi o`rtasida hamkorlikda amalga oshiradigan tadbirlar Rejasi doirasida Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini shakllantirish metodologiyasini ishlab chiqishda, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan xalqaro ekspertlar ko`magini jalb etishda, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha ijtimoiy tadqiqotlarni tashkil etish yuzasidan treninglar tashkil etishda va boshqa loyihalarda hamkorlik amalga oshirildi.
Matbuot anjumanida Kapital qurilish sohasida korrupsiyani oldini olish maqsadida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga to`xtalib o`tildi.
Ta`kidlandiki, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishlab chiqildi va 2021 yil 1 yanvardan real vaqt rejimida respublikaning barcha hududlarida to`liq ishga tushirildi. Bundan tashqari, qurilish sohasida o`tkaziladigan davlat xaridlarida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash maqsadida qurilish sohasidagi tanlov(tender)lar o`tkazish uchun “tender.mc.uz” elektron portali yaratildi.
Mazkur platforma yordamida 2021 yil davomida 15,45 trln. so`mlik tenderlar o`tkazilib, qurilish-pudrat tashkilotlari bilan 14,26 trln. so`mlik shartnomalar tuzildi va loyihalarning boshlang`ich qiymatiga nisbatan 1,19 mlrd so`m yoki 8 foiz byudjet mablag`lari iqtisod qilindi.
Matbuot anjumanida Agentlikning 2021 yildagi faoliyati natijalari yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.






