O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili qabuliga Qarshi shahrida yashovchi fuqaro N.Sh. murojaat qilib, Qarshi shahar “Suvta`minoti” mas`uliyati cheklangan jamiyatning ishchisi bo`lganligini va asossiz ishdan bo`shatilganligini qayd etdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili Axborot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur murojaat mintaqaviy vakil nazoratiga olinib, Qarshi shahar “Suvta`minoti” MChJ rahbariga fuqaro N.Sh. mehnat qonunchiligiga zid ravishda ishdan noqonuniy bo`shatilganligi va uning huquqlari buzilganligi tushuntirildi. Natijada fuqaro N.Sh. qayta o`z lavozimiga tiklandi.
Shuningdek, mintaqaviy vakilga Dehqonobod tumani Oqtirma Oqrabod qishlog`ida yashovchi fuqaro Q.T. Qashqadaryo viloyati Transport boshqarmasi ustidan shikoyat qilib, ushbu boshqarmadan 2021 yil avgust oyi uchun rag`batlantirish to`lovlarini ololmaganligini bildirdi.
Ma`lum bo`lishicha, fuqaro Q.T.ga O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xuzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan 2021 yil avgust oyida ishlagan 10 ish kuni hisobidan oylik mukofot, oziq-ovqat va yo`lkira harajatlari uchun jami 666,3 ming so`m miqdoridagi pul mablag`i to`lab berilmagan.
Mintaqaviy vakilning ko`magida unga ushbu miqdordagi mablag` to`lab berildi.






