Ijtimoiy tarmoqlarda “Qizi o`z onasini urayotgani aks etgan video tarqaldi” sarlavhasi ostida video tarqalgan edi.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati ma`lumot berganini e`lon qilgan edik.
Eslatib o`tamiz, mazkur holat bo`yicha olib borilgan o`rganishlar davomida voqea ishtirokchilari Samarqand viloyati Samarqand shahridagi “Bog`ibaland” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi, 1965 yilda tug`ilgan fuqaro N. X. hamda uning qizi, 1997 yilda tug`ilgan N. I. ekanligi aniqlandi.
Ona va qiz o`rtasidagi tortishuv pul oldi-berdisi hamda uy-joy tufayli vujudga kelgan bo`lib, fuqaro N. I. mazkur sabab tufayli onasiga doimiy tazyiq o`tkazib kelgan.
Samarqand shahar mahalla va nuroniylarni qo`llab-quvvatlash bo`limining ma`lum qilishicha, hozirda fuqaro N. X. ga o`rnatilgan tartibda “Himoya orderi” berildi hamda “Bog`ibaland” mahalla fuqarolar yig`ini mas`ul xodimi Z.Xo`jamurodovaning doimiy nazoratiga topshirildi. Shuningdek, ona va bola o`rtasidagi o`zaro kelishmovchiliklarni hal etish bo`yicha huquqiy tushuntirish ishlari olib borildi.






