Ayolning farzandi murdasi Katta Farg`ona kanalidan topilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Rishton tumanida yashovchi fuqaro ikki nafar farzandi bilan bedarak yo`qolganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Viloyat prokuraturasi holat bo`yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 21 fevral kuni fuqaro G.N. voyaga etmagan farzandlari Sh.X. va I.X.lar bilan yashash xonadonidan noma`lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo`qolgan.
Qidiruv tadbirlari davomida, ushbu kuni voyaga etmagan Sh.X.ning murdasi Katta Farg`ona kanalining Bag`dod tumanidan oqib o`tgan qismidan topilgan va tegishli ekspertizalar tayinlangan.
"Mazkur holatda bedarak yo`qolgan fuqarolarni qotillik qurboni bo`lishi mumkinligini inobatga olib, ushbu holatni kelgusida tergov yo`li bilan tekshirib, aniqlik kiritish maqsadida joriy yilning 4 mart kuni Jinoyat kodeksning 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan",-deyiladi xabarda.
Hozirda Farg`ona viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlarini o`tkazish bilan bir qatorda, bedarak yo`qolgan G.N. va uning bir nafar farzandini topish yuzasidan barcha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilayotgani aytiladi.






