O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda Rossiya Federasiyasi Bosh vaziri o`rinbosari Dmitriy Chernishenko ikki davlat o`rtasida sayyohlar oqimini oshirish uchun sharoit yaratish bo`yicha chora-tadbirlar rejasini imzoladi.
Qo`shma reja 20 ta chora-tadbirni qamrab olgan. Jumladan:
- O`zbekiston va Rossiya turizm yili o`tkaziladi.
- «Buyuk ipak yo`li» transchegaraviy sayyohlik yo`nalishi yo`lga qo`yiladi.
- Festival, gastronom, ekstremal, qishki kabi turizm turlari bo`yicha maxsus sayyohlik paketlari ishlab chiqiladi.
- O`zbekiston va Rossiya talabalari uchun tanishish sayohatlari tashkillashtiriladi.
Bundan tashqari, Hukumatlararo komissiya doirasida turizm sohasida hamkorlik bo`yicha alohida O`zbekiston-Rossiya quyi komissiyasi tuziladi.
"Turizm aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikdagi ishlar yangi yo`nalishlar ochish, davlatlarimiz fuqarolarining qulay dam olishi uchun imkoniyat yaratadi", - dedi Rossiya Federasiyasi Bosh vaziri o`rinbosari Dmitriy Chernishenko.






