Avval xabar qilganimizdek, Cotton Campaign koalisiyasi O`zbekiston paxtasiga 2009 yilda e`lon qilingan boykotni bekor qildi.
Cotton Campaign xalqaro koalisiyasining O`zbekiston paxtasiga boykotni bekor qilish to`g`risidagi qarorini O`zbekiston olqishlaydi. Bu haqda O`zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ma`lum qildi.
"12 yildan ortiq amal qilgan boykot mamlakatimizda 2021 yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo`l qo`yilmagani munosabati bilan bekor qilindi.
Bundan ilgariroq Xalqaro mehnat tashkiloti O`zbekiston paxtachiligida tizimli bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qo`yilganini e`tirof etdi.
Bularning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan inson qadrini ulug`lash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bundan buyon ham qat`iy davom ettirilishi va ular ortga qaytmasligidan dalolatdir", - deyiladi Asadov xabarida.






