Shu yilning 22-23 fevral kunlari BMT qoshidagi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo`yicha qo`mitasining 71-sessiyasida O`zbekiston bo`yicha hisoboti eshitildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev xabar bermoqda.
Unda huquq himoyachilari O`zbekistonda uy-joy huquqining buzilishi bo`yicha o`zlarining muqobil hisobotlarini taqdim etishgan.
Hisobotda asosiy e`tibor mulk huquqining buzilishiga oid to`rt jihatga qaratilgan:
▪️ mulk huquqining buzilishi;
▪️amaldagi qonunchilik normalariga rioya etilmayotanligi;
▪️ 2018-2021 yillarda fojeali oqibatlarga olib kelgan, davlat organlari tomonidan tijorat ehtiyojlari foydasiga ommaviy ko`chirishlar, nogironlarning uy-joy huquqlarini buzishning aniq holatlar;
▪️ fuqarolarning uy-joyga bo`lgan huquqlari buzilishining oldini olish bo`yicha tavsiyalar.
Hisobotda so`nggi vaqtlarda O`zbekistonda uy-joylarni noqonuniy buzish, majburiy ko`chirish, uy-joylarni mulkdorlarning roziligisiz olib qo`yish holatlari ko`payib borayotganligi ta`kidlangan.
Adliya vazirligining bergan ma`lumotlariga ko`ra: 2016-2020 yillarda uy-joylarni 846 ta holatda ogohlantirishsiz buzish, 1388 ta holatda ogohlantirish shartlariga rioya qilmagan holda buzish, 1244 ta holatda oldindan baholamagan holda buzish, 430 ta holatda tovon puli to`lamagan holda buzish sodir etilgan.
2016-2019 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun 6 ming 479 ta xususiy mulk ob`ekti yo`q qilindi, to`lanmagan tovon puli 335,6 milliard so`mga etdi.
"Ko`chirish bo`yicha qarorlar shahar yoki tuman hokimlari tomonidan asosan turli tijorat loyihalari, ko`p qavatli uylar, mehmonxona, savdo va ko`ngiolochar markazlar, tadbirkorlik sub`ektlari qurish maqsadida qabul qilinmoqda. Hokimlar bunday qarorlarni aholi yoki ob`ekt egalarining roziligisiz qabul qiladilar. Odamlar o`zlarining hayotiy afzalliklariga (ish, maktab, qarindosh-urug`larga yaqinlik, ekologik zona va h.k.) ko`ra tanlagan uylarini tark etishlariga to`g`ri kelmoqda” deyiladi hisobotda.
Hisobotda madaniy merosning yo`q qilinishi bilan bog`liq bir qancha holatlar ham keltirilgan.
Shuningdek, xususiy mulk daxlsizligini ta`minlash va qonunlarni qo`llashda sudlarning passiv roli haqida ham to`xtalib o`tilgan. Jumladan, “garchi qonun xususiy uy-joydan majburan chiqarib yuborishni ta`qiqlagan bo`lsa-da, sud`yalar qonunning ba`zi qoidalarini izohlab, majburan ko`chirish to`g`risida qaror qabul qilishadi”, deyiladi.
Hisobotda Uy-joy kodeksi, Shahasorzlik kodeksi talablariga rioya etilmayotganligi ham qayd etib o`tilgan. Xususan," majburiy ko`chirish va buzish paytida odamlar o`rtacha daromaddan pastroq yashaydigan hududlarga ko`chiriladi. Ularda o`z mulkiy huquqlarini himoya qilish uchun advokat yollashga moliyaviy resurslar ham “hokimiyatda tanishlari” ham yo`q".
Shuningdek, hisobotda 2018-2021 yillarda majburiy ko`chirish va buzdirish bilan bog`liq fojeali holatlar ham keltirib o`tilgan.
️Umuman olganda hisobotda O`zbekistonda bir necha yil davomida yuqori rahbariyat jumladan, Prezidentga yaxshi ko`rinish ilinjida odamlarni norozi qilib, mulklarini buzdirgan amaldorlarning harakatlariga baho berilgan.
E`tiborli jihati shundaki, fuqarolarning uy-joylarini majburiy va ayrim hollarda sud qarorisiz buzdirgan amaldorlarning birortasining uy-joylari davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun buzilishga tushmagan yoki bu haqida ma`lumot yo`q.
"Bundan ko`rinib turibdiki, O`zbekiston mulk daxlsizligi masalasidagi yondoshuvni tubdan qayta ko`rib chiqib, zudlik bilan choralar ko`rishi lozim. Dastavval Konstitusiya qoidalariga zid bo`lgan 911-sonli hukumat qarori bekor qilinishi kerak",–deydi Kusherbaev.






