AsosiyJamiyat

2021 yilda 117 nafar talabaning DTM ma`lumotnomasidagi ballari soxtalashtirilgan

'2021 yilda 117 nafar talabaning  DTM ma`lumotnomasidagi ballari soxtalashtirilgan'ning rasmi

"O`zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to`g`risida"gi qonunga asosan Hisob palatasining 2021 yilgi faoliyati yuzasidan taqdim etgan hisoboti shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko`rib chiqilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev ma`lum qildi:

Hisobotda Hisob patalasi tomonidan amalga oshirilgan nazorat tadbirlari natijasida 2021 yil byudjet xarajatlari 2,1 trln. so`mga maqbullashtilib, davlat byudjetiga 527 mlrd. so`m qo`shimcha manbalar aniqlanganligi, shuningdek byudjet mablag`lari hisobidan 338 mlrd. so`mlik noqonuniy xarajat va o`zlashtirishlar, davlat xaridlari jarayonida esa  971,1 mlrd. so`mlik manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yilgan 763 ta holatlar aniqlanganligi qayd etilgan.

O`zbekistonda 2021 yilda 10 ta oliy ta`lim muassasasida 117 nafar talabaning  Davlat test markazi ma`lumotnomasidagi ballarini soxtalashtirish orqali ularni "super-kontrakt" summalarining miqdori jami 9,6 mlrd. so`mga kam hisoblangan. 

“Hisob palatasi tomonidan oliy ta`lim muassalariga ko`shimcha tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida (xalq tilida "super-kontrakt") o`qishga qabul qilingan talabalarning xujjatlari o`rganilganda, 10 ta oliy ta`lim muassasasida 117 nafar talabaning (bu faqat aniqlangani, aniqlanmagani qancha xudo biladi) Davlat test markazi ma`lumotnomasidagi ballarini soxtalashtirish orqali ularni "super-kontrakt" summalarining miqdori jami 9,6 mlrd so`mga kam hisoblangan. 

Misol uchun, Toshkent tibbiyot akademiyasida 2020-2021 o`quv yilida fuqaro F.B. kirish imtihonida aslida atiga 56,6 ball olgan bo`lsada, uning to`plagan bali 132,7 ball etib ko`rsatilgan hamda undan 279,4 mln o`rniga 139,7 mln so`m to`lov-kontrak puli (139,7 mln so`m kam) olingan.

Oddiy qilib aytganda, oliy ta`lim muassasalariga kirishda aynan korrupsiyani oldini olish maqsadida joriy qilingan "super-kontrakt" tizimining o`zida ham korrupsiya holatlari aniqlangan. Yani, korrupsiyaga qarshi kurashish orqali ham "soqqa" qilish yo`lini o`ylab topishgan. Qoyil qolmay iloji yo`q.

Hisobotda keltirilishicha, kelgusida bunday holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida, 2021-2022 o`quv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida o`qimoqchi bo`lganlar uchun onlayn platforma yaratilib, arizalar avtomatik tarzda qabul qilinishi va shartnomalar summasini inson omilining aralashuvisiz hisoblanishi yo`lga qo`yilgan.

    Boshqa yangiliklar