IT sohasida ishlash va o`z bizneslarini yo`lga qo`yish maqsadida mamlakatimizga Rossiya va Belarussiyadan minglab malakali mutaxassislar kelayotgani to`g`risidagi xabarlar fonida soha rivoji uchun yana bir ijobiy qadam qo`yilmoqda. Mamlakatda IT sohasini, xususan elektron tijoratni rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash hamda uning iqtisodiyotdagi ulushini yanada oshirish maqsadida “Elektron tijorat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi tomonidan ko`rib chiqilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev xabar berdi.
Mazkur qonun loyihasida elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning bir qator huquqiy jihatlari aks ettirilgan. Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida bir qator xorijiy davlatlar, jumladan, AQSh, XXR, Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarning elektron tijoratni tartibga solish borasidagi tajribasi va qonunchilik hujjatlari o`rganilgan.
Yangi qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- elektron shartnomalarni tuzishning aniq tartibi, hususan umumiy talablar, elektron hujjatlarning yuridik kuchi, ofertaga qo`yiladigan talablar, elektron hujjatlarni saqlash xususiyatlari, elektron bitimni amalga oshirish tartibi, elektron shartnomalarni tuzish shartlarini belgilash (amaldagi qonunda elektron shartnomalarni tuzishning umumiy talablari belgilangan bo`lsada, lekin yuqorida aytilgan jihatlar tartibga solinmagan);
- elektron tijoratda to`lovlarni amalga oshirishning ruxsat etiladigan shakllarini (naqd pul bilan, bank hisobvarag`idagi mablag`larni o`tkazish yo`li bilan, to`lov tizimlari vositalari va elektron pul bilan to`lash) belgilash;
- elektron tijoratda xaridorning shartlari to`liq qondirilmaguncha axborot tizimida pul mablag`larini ushlab turish imkoniyatini beruvchi pulni depotentlash tizimini joriy qilish;
- yuridik shaxslar bilan bir qatorda o`zini o`zi band qilgan shaxslarga elektron tijorat faoliyati bilan shugullanish huquqini berish;
- raqamli mahsulotlarni (operasion tizimlar, dasturiy ta`minotlar, onlayn xizmatlar va h.k.) sotish, eksport va import qilish, ularning bojxona rasmiylashtiruvi tartibini joriy etish (amaldagi qonunchilik bilan raqamli mahsulotlar va ximatlarni eksport va import qilish mexanizmlari bilan qamrab olinmagan va bu mutaxassislar fikricha amaliyotda ularni sotish bilan bog`liq to`siqlarni keltirib chiqarmoqda);
- elektron tijoratda insofsiz raqobatning oldini olish qoidalarini kiritish. Bunda, internet tarmog`ida qalbaki havola va manzillardan foydalanish, elektron tijorat sub`ektlarining bir-biri bilan oldindan kelishib olish, intellektual mulk ob`ektlaridan noqonuniy foydalangan holda tovar va xizmatlarn taklif etish, yolg`on yoki chalg`ituvchi o`xshash belgidan foydalanish, noto`g`ri taqqoslashlar taqdim etish ta`qiqlash ko`zda tutilgan;
- elektron tijoratni amalga oshirish doirasida xaridorlarning ham huquqlarini belgilash (amaldagi qonunda esa faqat sotuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilangan).