AsosiyJamiyat

Oliygohda o`tkazilgan tadbirda arabcha o`ynagan qizlar holati bo`yicha institut prorektorlarga chora ko`rildi

'Oliygohda o`tkazilgan tadbirda arabcha o`ynagan qizlar holati bo`yicha institut prorektorlarga chora ko`rildi'ning rasmi

Farg`ona politexnika instituti Mashinasozlik fakulteti talabalari o`rtasida o`tkazilgan QVZda qizlarning raqsi norozilikka sabab bo`lgani haqida xabar bergan edik. 

Holat yuzasidan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi matbuot kotibi Mo`min Ibodov munosabat bildirgan edi. 

Bugun Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligida Abduqodir Toshqulov boshchiligida  yig`ilish o`tkazildi. 

Unda so`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo`lgan holatlar, jumladan Vestministr universiteti va Farg`ona politexnika institutida o`tkazilgan ma`naviy tadbirlar, kecha tunda O`zbekiston milliy universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti talabalar turar joylaridagi kuzatilgan negativ videomateriallar bo`yicha rektor, prorektor va mas`ullar tanqid qilindi.

“Hozirda ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha prorektorlarga birinchi prorektor maqomi berildi, tyutor xizmati joriy qilindi, har bir oliy ta`lim muassasasi uchun alohida profilaktika inspektorlari biriktirildi, har bir yotoqxonada tarbiyachi bor, lekin shunga qaramay nega bunday holatlar takrorlanyapti?”, – deya mas`ullardan izoh talab qildi vazir.

Yig`ilishda Farg`ona politexnika instituti va Vestministr universiteti prorektorlariga hayfsan berilib, qolgan oliy o`quv yurtlari rektorlariga holatlarni atroflicha o`rganib, bugun kechga qadar mas`ullarga tegishli chora ko`rish yuzasidan topshiriq berildi.

Abduqodir Toshqulov yuqoridagi holatlar vujudga kelishining asosiy sabablari sifatida oliy ta`lim muassasalari rahbariyatining talababay ishlamasligi, talabalar turar joylaridagi mas`ullarning loqaydligi, umumprofilaktik ishlar to`g`ri tashkil etilmagani, o`tkazilayotgan tadbirlarning natijadorligi va saviyasi pastligi, nazoratga olinmasligi va muvofiqlashtirilmasligini aytib o`tdi.

O`z navbatida, bu kabi ma`naviy, milliy qadriyatlar va mentalitetimiz, odob-axloq me`yorlariga zid xatti-harakatlar qilgan talabalarga ham chora ko`rish zarurligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar