Bugun, 17 mart kuni Oliy Majlis Senati majlislar zalida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to`rtinchi yalpi majlisi o`z ishini boshladi. Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bormoqda.
Majlisda dastlab senatorlar yalpi majlisi kun tartibi doirasida Tashqi ishlar vazirligining 2021 yildagi faoliyati to`g`risidagi axborotini eshitishdan boshladi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O`zbekistonning Ukraina atrofida bo`layotgan voqealarga munosabatini ma`lum qildi.
“Avvalambor, Ukraina atrofidagi vaziyat O`zbekistonda jiddiy xavotir uyg`otmoqda. Ikkinchidan, O`zbekiston vaziyatga tinch yo`l bilan echim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori. Buning uchun, birinchi navbatda, harbiy harakatlar, zo`ravonliklar zudlik bilan to`xtatilishi zarur.
O`zbekiston tarixan ham Rossiya Federasiyasi bilan, ham Ukraina bilan an`anaviy ko`p qirrali aloqalarga ega. Va biz har ikki mamlakatlar bilan o`z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda o`zaro manfaatli hamkorlikni davom ettiramiz.
Biz bugungi og`ir kunlarda Ukrainaga gumanitar yordam beramiz va hozirgi og`ir vaziyatni inobatga olib gumanitar yordam yuborishda davom etamiz.
O`z navbatida, O`zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yahlitligini tan oladi. Biz Donesk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmaymiz.” — dedi vazir.






