Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar H.X., M.S. va boshqalar oldindan til biriktirib, 1 dona (haqiqiy bahosi 30 mln so`m bo`lgan) tabiiy toshni 220 000 AQSh dollariga qonunga hilof ravishda o`tkazgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, ulardan jami 4 ta tabiiy tosh hamda simob moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ekspertiza xulosasiga ko`ra, toshlarning sof og`irligi 333,8 grammni tashkil etib, tarkibi rubin, kvars, flyuorit, granat, pirop va sapfir birikmalardan iborat tabiiy qimmatbaho tosh ekanligi qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o`tkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






