AsosiyJamiyat

San`atkorlarning dori vositalarini reklama qilishi taqiqlanmoqda

'San`atkorlarning dori vositalarini reklama qilishi taqiqlanmoqda'ning rasmi

Senatning yigirma to`rtinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Unda yangi tahrirdagi “Reklama to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqilgan. Bu haqda Oliy Majlisning Yuqori palatasi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ta`kidlanishicha, yangi tahrirdagi “Reklama to`g`risida”gi Qonunga zarurat shundaki, amaldagi Qonunda umumiy tusga ega bo`lgan va ishlamaydigan normalar mavjud bo`lib, ular reklama faoliyati bilan bog`liq munosabatlarni to`liq qamrab olmagan.

Yangi Qonunda dori vositalari reklamasiga qat`iy talablar o`z aksini topgan. Unga ko`ra, endilikda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko`rinishi shifokorlarning tashqi ko`rinishiga o`xshash shaxslarning ishtirokidan foydalanish taqiqlanadi.

Senatorlar muhokamada Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning hayotga tatbiq etilishi bilan bog`liq jarayonlarga ham e`tibor qaratdi.

Xususan, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o`ziga xos xususiyatlari, jumladan, televidenie, radio, bosma OAV, telekommunikasiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog`ida tarqatiladigan reklamaga qo`yiladigan talablar birma-bir ko`rib chiqildi.   

Telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko`rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko`rsatuv vaqtining o`n besh foizidan oshishi mumkin emas.

Davomiyligi o`n daqiqadan kam bo`lgan teleko`rsatuvlarni reklama bilan uzib qo`yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo`l qo`yilmaydi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

 

    Boshqa yangiliklar