AsosiyJamiyat

Mart oyida ilgari kuzatilmagan jadal va uzoq muddatli yomg`irlar yog`di — O`zgidromet

'Mart oyida ilgari kuzatilmagan jadal va uzoq muddatli yomg`irlar yog`di — O`zgidromet'ning rasmi

Bu yilning mart oyida Respublikaning tog`li va tog` oldi hududlarida yog`ingarchilik odatdagidan 2-3 marta ko`p bo`ldi. Toshkentda deyarli 2 oylik yog`ingarchilik miqdori yog`di. Bu haqda O`zgidromet ma`lum qildi.

Jadal yomg`irning davomiyligi ham anormaldir. 5 martdan bugungi kunga qadar deyarli har kuni biroz tanaffus bilan yomg`ir yog`di.

Eng kuchli yomg`ir 11-15 mart kunlari kuzatildi. Respublika bo`yicha ba`zi joylarda bir kecha-kunduzda yog`gan yog`ingarchilik miqdori ayrim kunlarda 25-40 mm, tog`li hududlarda ba`zi joylarda 50-60 mm gacha bo`ldi.

Shu bilan yomg`irlar tugamadi. 18 martga qadar O`zbekiston hududining katta qismida yomg`irlar tanaffus bilan yog`adi, ba`zi joylarda kuchli bo`ladi. 18 martda respublika bo`yicha ba`zi joylarda yomg`ir qorga aylanish ehtimoli bor. Respublikamizning shimolida yomg`ir va qor ko`rinishidagi yog`ingarchilik ushbu kunlarda biroz bo`ladi.

18 martdan so`ng yog`ingarchilik 2-4 kunga tanaffus qilishi kutilmoqda. Keyinchalik, mart oyining oxirigacha bu kunlar kabi kuchli va uzoq muddatli yomg`ir yog`ishini biz kutmayapmiz.

2003, 2012 va 2021 yillarning mart oylarida ham juda yomg`irli ob-havo kuzatilgan, ammo bu yilgi kabi jadal va davomiyligi uzoq muddatli yomg`irlar ilgari kuzatilmagan edi.

Iqlimshunos olimlarning fikricha, global isish yog`ingarchilik ko`payishiga olib kelmaydi. Biroq, ular ekstremal ob-havo hodisalarining ko`payishiga, shu jumladan, anomal quruq yoki anomal nam davrlarning takroriyligi ko`payishiga olib keladi. Joriy yilning mart oyi buning yorqin tasdig`idir.

    Boshqa yangiliklar