Bu haqda ayni paytda bo`lib o`tayotgan Prezidentning sog`liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqotida ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
"Har yili 2 mingdan ziyod malakali shifokorlar pensiyaga chiqadi. Kelib tushgan murojaatlarda ularning 60 foizi o`z faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan.
Birlamchi tizim qamrovini kengaytirish va yuklamani kamaytirish maqsadida, biz endilikda bunday tajribali shifokorlarning yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beramiz", - dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, buning uchun alohida klinika ochish talab etilmaydi, balki bu toifadagi shifokorlar o`z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko`rsatishi mumkin bo`ladi.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga, aholiǵa bepul ko`rsatilayotgan xizmatlari uchun to`lov bosqichma-bosqich Davlat tibbiy sug`urta jamg`armasi orqali beriladi.
"Ushbu tajribani dastlab Sirdaryo viloyatida boshlaymiz. Keyinchalik zarur tayyorgarlikni ko`rib, bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi", - dedi Prezident.
Ochiq muloqot davom etmoqda.






