Prezident yana shifokorlar oylik maoshlarini oshirish masalasiga to`xtaldi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Keltirilishicha, bu yil ham byudjet tashkilotlari qatorida, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini ham, kamida 10 foizga oshiriladi. Bunga qo`shimcha ravishda joriy yil 1 iyundan:
- tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab, yana 15 foizgacha oshiriladi;
- yuqori texnologik murakkab operasiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to`lanadi;
- alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar ham belgilanadi;
- yangi ish boshlagan fidoiy yosh shifokorlarga 1 million so`mgacha maxsus oylik ustama to`lash tartibi joriy etiladi.
“Sodda qilib tushuntiradigan bo`lsam, misol uchun, hozirgi kunda oliy toifali shifokor 4 million so`m maosh olsa, endi ish haqining oshishi va yangi ustamalar hisobiga, 8-9 million so`mgacha maosh olishi mumkin bo`ladi. Hamshiralar esa, hozirgi 1,5 million so`m o`rniga, toifasi va erishgan natijalariga qarab, 3-4 million so`mgacha oylik olishi mumkin”, - dedi Shavkat Mirziyoev.






