Ochiq muloqotda Prezident tibbiyot xodimlari faoliyatiga e`tibor qaratib, ularga turli yo`nalishlarda imtiyozlar berish masalasiga to`xtaldi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
"Davolash va laboratoriya hamshiralari, sanitar xodimlar, rentgenolog, FTI-ziatr, infeksionist, virusolog, stomatolog kabi alohida mehnat sharoitida ishlaydigan 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari bir yilda ikki marta o`z yonidan pul to`lab, majburiy tibbiy ko`rikdan o`tadi (o`rtacha 200 ming so`m). Bu qanchalik adolatli?
Ushbu masalada ham 720 ta murojaat kelib tushgan.
O`z sog`lig`ini garovga qo`yib, bemorlar dardi bilan yashayotgan tibbiyot xodimlarining salomatligini, avvalambor davlat o`ylashi kerak emasmi?" deya savol bilan murojaat qildi davlat rahbari.
Shuning uchun, 2022 yil 1 maydan boshlab:
- barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy ko`rik bepul o`tkaziladi;
- qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlari gepatit “B” kasalligiga qarshi bepul emlanadi;
- “Inson qadrini ulug`lash va shifokor mehnatini qadrlash” tamoyili asosida, har yili ming nafar bemor shifokorlar, ayniqsa, sohada bir umr mehnat qilgan faxriylarga yuqori texnologik operasiyalar davlat hisobidan bepul o`tkaziladi.
Qolaversa, 2022-2023 o`quv yilidan:
- ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo`yicha magistraturaga davlat grantlari 4 baravarga oshiriladi;
Shuningdek, toifasiz xodimlarga talab etiladigan ish stajlari 5 yildan 3 yilga, birinchi toifaga – 7 yildan 5 yilga, oliy toifaga – 10 yildan 7 yilga qisqaradi.






