Bugun, 19 mart kuni, Senatning yigirma to`rtinchi yalpi majlisi doirasida Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to`g`risidagi 2021 yil yakuni bo`yicha axboroti eshitildi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, o`tkazilgan o`rganishlar ichki ishlar organlari tomonidan e`tibor qaratish lozim bo`lgan masalalar mavjudligini ko`rsatdi.
Xususan, 2021 yilda sodir etilgan jinoyatlar umumiy soni 84 100 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o`rtacha 321,4 tadan to`g`ri kelgan.
Qayd etilishicha, 2021 yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 158 tasi (37,1 foizi), og`ir tan jarohati etkazish jinoyatlarining 190 tasi (14,4 foizi) oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan.
Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o`z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb 60 foizi (8 589 tasi) Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg`ona viloyatlariga to`g`ri keladi.
Og`ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to`liq hal etilmasdan kelinayotganligi tufayli 2021 yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan.
Oila-turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 39 343 nafariga himoya orderi berilgan.
Voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, ushbu jinoyatlarning 65,2 foizi Farg`ona, Toshkent, Namangan va Buxoro viloyatlariga to`g`ri keladi.
Bundan tashqari, 14 mingdan ortiq ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi joylarda aholini ish bilan ta`minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko`rsatadi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.






