Ezgulik va mehr-muruvvat ayyomi — Navro`zi olam bayrami arafasida Sog`liqni saqlash vaziri B. Musaev Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo`ldi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida muassasada aholini sifatli qonga bo`lgan ehtiyojini qoplash, bemorlarni zarur qon komponentlari bilan ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ma`lumki, koronavirus pandemiyasi butun dunyoda bo`lgani kabi mamlakatimizda ham donorlar soni keskin kamayishiga sabab bo`ldi.
Natijada og`ir bemorlarning donorlik qoniga bo`lgan talabi sezilarli darajada oshdi. Qolaversa, so`nggi yillarda yurtimizda noyob yurak operasiyalari, inson tana a`zolarini ko`chirib o`tkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yo`lga qo`yilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga bo`lgan ehtiyoj yanada ortdi.
Birgina misol. Bugungi kunda bitta jigar transplantasiya operasiyasi uchun 30 litrgacha qon plazmasi zarur. Bu komponent esa 120 nafar insondan olinadi. Shuning o`ziyoq, donorlikning ahamiyati naqadar muhim ekanini ko`rsatadi.
Bundan tashqari, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko`ra, har bir davlat o`z aholisining qonga bo`lgan ehtiyojini qoplash uchun har 1000 nafar kishiga donorlar soni 30 nafar va undan ortiq bo`lishi lozim. Bizda esa bu raqam 5 nafarga to`g`ri keladi.
Vazir tashrif davomida shu haqda so`z yuritar ekan, sohani yanada rivojlantirish uchun aholi orasida ushbu xayrli ishni keng yoyish, buning uchun, eng avvalo, tibbiyot xodimlari yurtdoshlarimizga namuna bo`lishi hamda bor mas`uliyatni o`z zimmasiga olishi kerakligini qayd etdi.
Shundan so`ng Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Qon topshir – hayot in`om et!” xayriya aksiyasiga start berildi va unda vazir birinchilardan bo`lib qon topshirdi.
— Qon – bebaho ne`mat, uning bir tomchisi bemor insonni hayotga qaytarishi mumkin, — dedi vazir. — Shu sababli beg`araz donorlik orqali qonga muhtoj bo`lgan kishilarga ko`mak berish odamiylikning eng yuksak namunasidir. O`ylaymanki, ana shu ezgu maqsadda boshlagan bugungi aksiyamiz qanchadan-qancha og`ir bemorlarni darddan xalos bo`lishiga yordam beradi.
Tadbirda, shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligi markaziy apparati xodimlari, tibbiyot muassasalari mas`ullari, shifokor va hamshiralar ham faol ishtirok etib, beg`araz donor sifatida ushbu xayrli ishga munosib hissa qo`shdi.
Shu o`rinda Sog`liqni saqlash vazirligi barcha yurtdoshlarimizni “Qon topshir – hayot in`om et!” aksiyasida faol ishtirok etishga, beg`araz donor bo`lib, yordamga muhtoj bemorlarga ko`mak berishga chaqiradi.
Ushbu aksiyada ishtirok etmoqchi bo`lgan yurtdoshlarimiz Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining +998 97 750 57 52 hamda Respublika qon quyish markazining +998 98 367 40 06 telefon raqamlariga qo`ng`iroq qilishlari mumkin.