Yaqinda O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikka “ta`qib etish” (stalking) tushunchasini kiritish hamda ta`qib ostida qolgan xotin-qizlarga himoya orderi berish tizimini joriy etish taklif etilgan edi.
Xo`sh, o`zi “stalking” qanday ma`noni anglatadi?
Ushbu maqolada “ta`qib etish” (stalking)ning mohiyati, ijtimoiy xavfli xususiyatlari, bu boradagi xorij tajribasi hamda uni cheklash zaruriyati haqida so`z yuritamiz.
“Stalking” qanday ma`noni anglatadi?
“Stalking” so`zi ingliz tilida “ta`qib etish” yoki “kuzatish” degan ma`noni bildiradi. Ushbu tushuncha shaxsni uning xohishiga zid ravishda doimiy yoki takroriy ravishda kuzatish, ta`qib qilish yoki bezovta qilishni anglatadi. “Stalking” tushunchasi yurisprudensiya, psixologiya va psixiatriya sohalarida farqli ma`nolarda qo`llaniladi.
“Stalking” tushunchasi birinchi marta 1921 yilda fransuz psixiatri Gaetan Gasyan de Klerambo tomonidan “Ehtirosli psixos” nomli risolasida tilga olingan. Ushbu risolada hamda undagi nazariy qarashlar asosida yozilgan I. Makyuenning “Barhayot sevgi” romanida “stalking” tushunchasi shaxsning o`zi tomonidan to`qib chiqarilgan “menda ko`ngli bor” degan uydirmaga ishongan holda boshqa shaxsni ta`qib qilishi sifatida ifodalangan.
“Stalking”ning ijtimoiy xavfli xususiyatlari
Yurisprudensiyada “stalking” deganda shaxsni ta`qib etish va shu orqali qo`rqitishda ifodalanadigan takroriy xulq-atvor tushuniladi. Ya`ni ta`qib etuvchi jabrlanuvchini doimiy ravishda uning ixtiyoriga zid tarzda bezovta qila boshlaydi. Ta`qib qilish jabrlanuvchiga qayta-qayta qo`ng`iroq qilish, jabrlanuvchini, uning oila a`zolarini yoki uning do`stlarini kuzatish, Internet tarmog`i axborot resurslari orqali jabrlanuvchiga xabar qoldirish, jabrlanuvchiga uning xohishiga zid ravishda sovg`alar yuborish usulida amalga oshirilishi mumkin.
Muayyan xatti-harakatni “stalking” deb topish uchun ushbu xatti-harakat odatda bir martadan ortiq sodir etilishi talab etiladi. Jumladan, Buyuk Britaniya huquqni qo`llash amaliyotida xatti-harakatni “stalking” deb kvalifikasiya qilish uchun ikkita holat (notanish shaxsga ikki marta qo`ng`iroq qilish) mavjudligining o`zi etarli hisoblanadi.
“Stalking”dan jabrlanuvchi ushbu ta`qib tufayli o`z hayotiga nisbatan tahdidni his qiladi. Ushbu tahdid jabrlanuvchida qo`rquv va vahimani yuzaga keltiradi. Ta`qibning doimiy ravishda amalga oshirilishi natijasida jabrlanuvchida ilojsizlik, tushkunlik va depressiya paydo bo`ladi. Ta`qib qiluvchi aynan jabrlanuvchida paydo bo`lgan qo`rquv orqali uning hayotini boshqarishga, uni nazorat qilishga urinadi.
Shuni qayd etish joizki, “stalker”, ya`ni ta`qib qiluvchining va zo`ravonlik (bulling) qiluvchi shaxsning ruhiy ehtiyojlari bir-biriga juda o`xshash bo`lib, “stalking” “bulling”dan doimiyligi va maqsadga yo`naltirilganligi bilan farqlanadi.
Psixologlarning ta`kidlashicha, “stalker” – bu shaxsning o`zi va boshqa odamlar bilan bo`lgan munosabatlarini to`liq nazorat qilishni xohlaydigan shaxsdir. Shu sababli, “stalker” odamlarning tinchini buzishga urinadi va shu orqali odamlar ustidan hukmronlik qilishga harakat qiladi.
Ammo, “stalker” odamlarning xatti-harakatlarini nazorat qilish imkoniga ega emasligini qabul qila olmaydi hamda boshqalarga ruhiy zarar etkazish bilan birgalikda o`z insoniyligini ham yo`qotib boradi. Jumladan, Buyuk Britaniyada 2017 yilda “stalking” bilan bog`liq 25 000 ta holat aniqlangan bo`lsa, jabrlanuvchilarning taxminan 76%i “stalker” tomonidan o`ldirilgan.
Shu sababli, “stalking” sodir etilishini bartaraf etish, jabrlanuvchining xavfsizligini ta`minlash hamda stalkerning xatti-harakatlariga huquqiy chora ko`rish lozim. Chunki, ta`qibning davom etishi ijtimoiy xavfi yuqori bo`lgan jinoyatlarning sodir etilishiga zamin hozirlaydi.
Shuni ta`kidlash lozimki, “stalking”ga qarshi kurashish faqat uni sodir etishga nisbatan alohida javobgarlik belgilash bilan chegaralanib qolmasligi kerak. Ushbu toifadagi huquqbuzarliklarga nisbatan jamiyat
va davlatning harakatsiz munosabatda bo`lishi uning “bulling” singari latent ko`rinish kasb etishiga olib kelishi mumkin.
“Stalking”ni cheklash bo`yicha xorij tajribasi
XX asrning 80 yillarida AQShda yuz bergan “stalking” bilan bog`liq noxush holatlar ushbu xatti-harakatni cheklash, uning sodir etilishini oldini olish zaruriyatini yuzaga keltirdi.
Jumladan, aktrisa Judi Fosterni bir necha yildan beri ta`qib qilib kelayotgan Jon Xinkli 1981 yilda aktrisaning e`tiborini tortish uchun AQSh prezidenti R.Reygan hayotiga tajovuz qildi.
Shuningdek, aktrisa Tereza Saldanani Artur Jekson ta`qib eta boshladi hamda 1982 yilda u aktrisaning hayotiga tajovuz qildi.
Bundan tashqari, aktrisa Rebekka Sheffer uch yildan ortiq vaqt mobaynida Robert Bardo tomonidan ta`qib etildi. Ushbu ta`qib 1989 yilda R.Bardo tomonidan aktrisaning fojiali o`ldirilishi bilan yakunlandi. Aktrisaning o`limi AQShda “stalking”ga qarshi qonun qabul qilinishida muhim rol o`ynadi.
“Stalking”ni cheklash to`g`risidagi qonun birinchi marta 1990 yilda AQShda qabul qilingan. Bugungi kunda “stalking” uchun AQShdan tashqari Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Avstriya, Germaniya, Norvegiya, Daniya, Polsha, Italiya, Singapur, Janubiy Koreya
va Yaponiyada qonunchiligida alohida jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Amaldagi qonunchilikda “stalking” cheklanganmi?
Amaldagi qonunchilikda “stalking” uchun alohida javobgarlik nazarda tutilmagan. Ta`qib qiluvchining xatti-harakatlarida mavjud bo`lgan jinoyat yoki huquqbuzarlik belgilariga qarab unga chora ko`riladi.
Shunga ko`ra, “stalking” “shaxsiy hayot daxlsizligini buzish” (MJTK 461-modda), “haqorat qilish” (MJTK 41-modda), “mayda bezorilik” (183-modda), “o`ldirish yoki zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitish” (JK 112-moddasi), “o`n olti yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish” (JK 129-modda), “bezorilik” (JK 277-modda) sifatida kvalifikasiya qilinishi mumkin.
Ammo, noqonuniy ta`qib xatti-harakatida yuqoridagi huquqbuzarlik yoki jinoyat tarkiblarining mavjud emasligi huquqiy chora ko`rishni istisno etadi. Ya`ni, huquq-tartibot va xavfsizlikni ta`minlovchi organlar ta`qib qiluvchilarga nisbatan chora ko`rish va “stalking”ni to`xtatish uchun huquqiy asosga ega bo`lmaydi.
Shu sababli, huquq-tartibot va xavfsizlikni ta`minlovchi organlar ta`qib qiluvchilarga nisbatan o`z vaqtida chora ko`ra olmaydi.
“Stalking”ni qonunchilikda taqiqlanishi esa noqonuniy ta`qibdan jabrlanganlarga himoya orderi berish orqali davlat tomonidan ularning xavfsizligi ta`minlanishiga, huquq-tartibotni ta`minlovchi organlarning “stalking”ga nisbatan “e`tiborsiz” munosabatda bo`lmasligiga, ta`qib qiluvchining xatti-harakatlari nazoratga olinishiga sabab bo`ladi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda ilg`or xorij tajribasidan kelib chiqib, “stalking”ni, ya`ni ta`qib etishni cheklash, ta`qib qiluvchi shaxslarga nisbatan huquqiy chora ko`rish, ushbu toifadagi huquqbuzarlikdan jabrlangan shaxslarga o`z vaqtida huquqiy himoya taqdim etish fuqarolarning tinch va osuda hayot kechiirishlarining ta`minlanishiga hamda ijtimoiy xavfi yuqori jinoyatlar sodir etilishining oldi olinishiga xizmat qiladi.
Otabek Toshev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot institutining bo`lim boshlig`i
Zafar Ergashev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot institutining mas`ul xodimi