Abdulla Oripov o`zbekning ramzi bo`lgan ijodkor edi. O`zining qalblarni bahor yanglig` yashnatguvchi betakror she`riyati kabi go`zal Navro`z kunida tavallud topgan shoirimizdan bizga katta adabiy meros qoldi. Uning nomi milliy adabiyotimiz tarixi sahifalariga otashin she`riyati bilan yangicha nafas, yangicha ruh olib kirgan ijodkor deya bitildi. Abdulla Oripovning she`rlari teran falsafiylik, sharqona donishmandlik, Vatanning unutilmas o`tmishi va bugungi taqdiri, xalq qismati hamda kelajagi uchun kuyunchaklik hislari bilan yo`g`rilgandi. Shoir “Mening inson va ijodkor sifatidagi baxtim O`zbekistonimning mustaqilligini ko`rganim va ozod Vatanimga baholi qudrat xizmat qilayotganimda”, deya faxrlanardi.
"Qamroq bo`lish nasib etgan..."
Mahmud Toir, O`zbekiston xalq shoiri:
— Adabiyot — abadiyat yo`lida yoqilgan chiroq. She`riyat esa shu chiroq ichra qalblarni charaqlatib turgan yog`du. Abdulla Oripovning betakror va benazir she`riyatidan bahramand bo`lgan har bir inson o`ziga zavq oladi, o`zi tuygan tuyg`ular og`ushida quvonadi, o`kinadi, o`ylaydi va fikrlaydi. Shoir uchun ana shuning o`zi katta baxt. Vatan — o`z xalqining qudrati bilan ulug`vor. Shukrki, ustoz bilan ijodiy safarlarda yurib O`zbekistonimizning barcha viloyatlarida, o`nlab tumanlarida bo`lish, mana shu ulug`vorlikni ko`rish baxti bizga nasib etdi. Abdulla Oripovning ijod maktabi, bu — ma`rifat chashmalari quyilib turgan azim daryo. Ustozning 60, 70 yillik qutlug` to`ylarida yonlarida hamroh bo`lish nasib etganidan behad baxtiyorman. U kunlar o`zbek she`riyatining umumxalq bayrami bo`lgandi. O`shal betakror damlarning o`zgacha quvonchi shundaki, ustoz bu e`zozu ehtiromlarni o`z ko`zlari bilan ko`rgandi. Kaftlarini shukrona duolariga ochgandi. Abdulla Oripov o`zining o`lmas she`riyati ila o`z xalqi qalbida abadul abad barhayot ekanligi ayon haqiqat. Bu she`r saodati, shoirlik saodati. Shoir o`zi aytmoqchi:
Har qismatga har kimning
davroni sabab bo`lgay,
She`r uchun cheksa shoirning
armoni sabab bo`lgay.
Men faxr etsam, umrimning
har oni sabab bo`lgay,
Eng oliy baxtim mening
onajonim — she`riyat,
Topgan toj-taxtim mening
jonajonim — she`riyat!
"Shunchaki yozmadi..."
Xurshid Do`stmuhammad,
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi:
— 1941 yilning ayni ko`klam 21 mart kuni dunyoga kelgan shoir 2016 yilning kuzi 5 noyabr kuni bandalikni bajo keltirdi. Qariyb oltmish yillik zamonaviy o`zbek she`riyatining biror kuni, biror voqea, biror nafasini Abdulla Oripovsiz, uning xassos she`riyatisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Shu o`tgan davr mobaynida sermahsullik borasida ham Abdulla Orif peshqadam desak, yanglishmaymiz. Bu bejiz emas, balki dunyoni, inson hayotini, o`zbek degan xalq va O`zbekiston deya ataluvchi Vatanga daxldor har qanday katta-kichik voqea-hodisani shoirona ko`z, she`riyat nigohi ila baholamoq deganidir. Abdulla aka hech qachon qo`l uchida ijod qilmadi, shunchaki bir she`r yozib qo`yish uchun qo`liga qalam tutmadi. Har bir asarini qonidan, jonidan o`tkazib yozdi. Shu bois ham Abdulla Oripovning ijod dastgohida dunyoga kelgan yangi asarlarni chop etish har qanday nashr uchun ham quvonchli voqea edi. Tirik dunyoning o`zgarmas va mutlaq haqi — foniylik. Bandaning ixtiyoridan tashqaridagi o`zgarmas haqiqat. Jami taskin tasalli esa duolarimizda mujassam.
"So`zining ustidan chiªardi..."
Haydar Muhammad, shoir va dramaturg:
— Abdulla Oripov o`zbek adabiyotining yirik vakillaridan biri edi. U bilan Anvar Isroilovning xonadonida ilk bora tanishgandik. O`shanda talaba Abdulla Oripov bizga o`zining “Eman” sarlavhali she`rini jo`shqin ohangda o`qib bergandi. Uning she`rlaridagi o`ziga xos ruhiyat hammani hayratga solardi. Ijodiy jarayonlar tanqidlarsiz bo`lmaydi, albatta. Esimda, Yozuvchilar uyushmasidagi ana shunday muhokamalarning biridan u hech qanday munosabat bildirmay, minbarda bir she`rini o`qib chiqib ketgandi. Ana shunday o`ziga xos jasorat va jo`shqinlik unga bir umrlik hamroh bo`ldi. O`zbekiston xalq shoiri, “O`zbekiston Qahramoni” Abdulla Oripov tom ma`nodagi haqiqiy xalq shoiri edi. Uning she`rlaridagi falsafiy satrlar tagida milliy ruh mujassam. Shuning uchun ham uning she`rlarini o`zbekning g`ururi, san`ati, madaniyatini yuqoriga ko`tarishga harakat qilgan asarlar deyishga, haqlimiz. Shoir Abdulla Oripov mening yodimda kattaga hurmat, kichikka izzatli, so`zining ustidan chiqadigan inson sifatida qoldi. Oxirati obod bo`lsin!
"Qazil-mutoyibaga Qam usta edilar"
Abusaid Ko`chimov,
O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan murabbiy:
— Abdulla Oripov she`rlarini suyib o`qimagan, yodlamagan, do`stlariga, tanish-bilishlariga, sevimli yoriga to`lqinlanib, toshib-jo`shib aytib bermagan kitobxon bormikan tevarak-atrofimizda? Illo, shoir ijodi, ijodidagi teran falsafa, inson qalbi manzaralari chizilgan inja tasvirlar, diyonatsizlik, xiyonat, sullohlik, meshchanlik, taqlidchilik kabi illatlarga bo`lgan nafrat, bir so`z bilan aytganda, Abdulla Oripov fenomeni (Odil Yoqubov iborasi) hali yana necha-necha asrlar o`ziga mahliyo etguvchi bebaho javohirot ummoni ekani isbot talab qilmaydigan oddiy haqiqatdir. U bilan suhbatda bo`lgan har qanday inson ulug` shoir tafakkuri, yuksak va boy ruhiy olami, keng dunyoqarashi, chuqur ilmiy falsafiy fikr-mulohazalari, o`t-olov tuyg`ulari oldida beixtiyor ta`zimga chog`lanardi. Ijodkor mehnatiga, adabiyotga, hayotga, jamiyatda sodir bo`layotgan voqealarga, do`stlikka, oilaga katta mas`uliyat bilan qarashi, zukko faylasufligi, hayotga cheksiz maftunligi, yosh ijodkorlarga hamisha foydali maslahatlar berishi esa havasini keltirardi. Ko`rinishidan doimo o`ychan, vazmin bu insonning yaqinlar davrasidagi quvnoq hazil-mutoyibalari, odamgarchiligi, mehmondo`stligi, gurungdoshligi hayratga solardi...
Unutilmas damlar yodi...
Ruxsora Oripova, shoirning qizi:
— Otamning so`z ustida katta mas`uliyat, chuqur muhabbat bilan ishlagan kezlari biz uchun bu eng qaytmas, unutilmas damlar bo`lib qoldi. Eng sog`inchli, eng qadrli...
Otam yozgan har bir she`rning o`z tarixi, tarjimai holi bor. Ular hayot, ijtimoiy voqelik ta`sirida yuzaga kelgan. Asarlarining eng saralari ham ushbu mo``jizakor dunyo, tabiat, insonlar bilan, aniq tarixiy sanalar bilan bog`liqdir. Bu haqiqatni o`zlari e`tirof etib degandi: “Qizim, mening hayot yo`limni o`rganmoqchi bo`lsang, she`rlarimni o`qi, ular go`yo mozaikaga o`xshaydi. Barini birlashtirsang, mening hayot yo`limni chizasan”.
Otam o`zbeklarga xos serfarzand oilada o`sib ulg`aygan. Sakkiz nafar farzand ustiga ikki etim bolani asrab tarbiya qilayotgan katta oilaning kenja o`g`il farzandi bo`lgan. Shunday mehrli oilada o`sganlari uchunmi, bizga ham juda mehribon, shu bilan birga talabchan edilar. Ko`rinishidan beparvo ko`rinsalar-da, hech narsani nazardan qoldirmasdilar. Ammo bekorchigatanbeh beraverish odatlari yo`q edi-yu, vaqti kelganda bir og`iz so`zlaridan xatolarimizni sezganlarini bilib olardik. Otamning tarbiyalari qimmatini endi anglayapmiz... Ular biz bilan xuddi kattalardek gaplashar, hamma savollarimizga erinmay javob berardilar. Otamdan hech qachon: “Bilmayman. Menga xalaqit berma!” degan gapni eshitmaganmiz. Hayratlanarli jihati shundaki, ulardan hamma sohadagi savollarimizga qanoatlanarli javob olardik. Hammamizda “Otamning eng yaxshi ko`rgan farzandi menman” degan fikrni uyg`ota olgandilar va biz bundan baxtiyor edik. Olti farzandning har biri bilan fe`li, bilim darajasini hisobga olgan holda suhbatlashardilar. “Mag`zi to`la boshoqning egilishin ko`r” kabi ma`noga to`la hikmatlari bilan bizga kamtarlik xislatini singdirgandilar.
Zamonamizning ulug` shoiri Abdulla Oripov biz uchun nafaqat ota, balki benazir ustoz ham edilar. Shunday insonning farzandi bo`lib tug`ilish Yaratganning bizga bergan eng katta in`omidir.
Tuhfa Nazarova tayyorladi






