AsosiyJamiyat

Respublika xirurgiya markazida o`tkazilgan murakkab operasiyalarda 6 ming dozadan ortiq qon komponenti ishlatildi — SSV

'Respublika xirurgiya markazida o`tkazilgan murakkab operasiyalarda 6 ming dozadan ortiq qon komponenti ishlatildi — SSV'ning rasmi

Insonlarning qonga bo`lgan munosabati har xil. Kimdir undan qo`rqadi, yana kimdir uni hayotning asosi deb biladi, ba`zilar esa shunchaki e`tibor qilmaydi. Ammo barchamiz tushunamizki, odamzot bu bebaho ne`matsiz bir soniya ham yashay olmaydi.

Avval xabar qilganimizdek, kuni kecha mamlakatimizda Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Qon topshir – hayot in`om et!” xayriya aksiyasiga start berilgan edi.

Quvonarlisi, aholining sifatli qonga bo`lgan ehtiyojini qoplash, bemorlarni zarur qon komponentlari bilan ta`minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu ezgulik aksiyasi qisqa vaqt ichida yurtimiz bo`ylab keng quloch yozdi.

Xususan, bugun akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh tibbiyot xodimlari ham mazkur tadbirda faol ishtirok etib, bu savobli ishga munosib hissa qo`shdi.

Erta tongdan boshlangan aksiyada kun davomida 200 nafardan ortiq shifokor va hamshira beg`araz donor sifatida qon topshirdi.

— Yurtimizda tibbiy ko`makka muhtoj bemorlarni qo`llab-quvvatlash, aholi o`rasida insonparvarlik va mehr-oqibat g`oyalarini keng targ`ib etish maqsadida boshlangan ushbu aksiya, eng avvalo, muassasamizda davolanayotgan og`ir bemorlarga ko`mak berishda muhim qadam bo`ldi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Saidmurod Ismoilov. — Sababi muassasada  bajariladigan murakkab yurak jarrohlik amaliyotlari, tug`ma yurak nuqsoni operasiyalari va transplantologik muolajalarning har biriga o`ziga yarasha qon dozlari kerak bo`ladi.  

Misol uchun, o`tgan 2021 yilda markazimizga 8 ming nafardan ziyod bemor murojaat qilgan bo`lsa, ularning 6 ming nafarga yaqinida yuqori texnologik operasiya o`tkazildi va ushbu amaliyotlarda 6 ming 100 doza qon komponenti ishlatildi. Shuning o`ziyoq bu bebaho ne`matning inson salomatligidagi ahamiyati naqadar yuqori ekanini ko`rsatadi.

Xayriya aksiyasi davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar