25 martda Toshkent xalqaro investisiya forumining ikkinchi kuni o`tdi. Uning doirasida 15 dan ortiq tadbir, jumladan, davra suhbatlari, uchrashuvlar, muloqotlar, panel muhokamalari, hujjatlarni imzolash marosimlari bo`lib o`tdi.
«Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishning yangi bosqichi» mavzuidagi davra suhbati logistika sohasidagi muhim voqea bo`ldi.
Muhokamada O`zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov, O`zbekiston Respublikasi investisiyalar va tashqi savdo vaziri o`rinbosari Badriddin Obidov, Pokiston Milliy assambleyasi a`zosi Muhammad Yoqub Shayx, «Kazaxstan Temir Jol» AJ boshqaruvi raisi Nurlan Sauranbaev va TRACECA Hukumatlararo komissiyasi Bosh kotibi Aset Asavbaevlar so`zga chiqdi.
Moderator rolini OTBning Markaziy va G`arbiy Osiyo bo`yicha Bosh direktori Evgeniy Jukov bajardi.
Uchrashuvda temir yo`l, havo, avtomobilda yo`lovchi va yuk tashishni faol rivojlantirishning asosiy ustuvor yo`nalishlari, logistika xizmatlarini modernizasiya qilish uchun raqamli infratuzilmani takomillashtirishning dolzarbligi, logistika salohiyatini kengaytirish uchun eng jozibador moliyalashtirish modellari muhokama qilindi.
O`tmishda Markaziy Osiyo mintaqasi allaqachon Osiyo sivilizasiyasida mustahkamlovchi rol o`ynagan. Bu er Buyuk Ipak yo`lining markaziy bog`lovchi tuguni, logistika markazi deb atalgan edi. U nafaqat moddiy boyliklar, balki nomoddiy boyliklar – Evrosiyo xalqlarining tajribasi, yutuqlari va ilmiy fikrlarini ham olib o`tdi. Bugungi kunda O`zbekiston ham Markaziy Osiyoning qoq markazida qulay geografik joylashuvni egallaydi.
O`zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov:
– Toshkent xalqaro investisiya forumining transport platformasi davlat organlari va xususiy kompaniyalar hamkorligini kengaytirish imkoniyatidir. Forum tinglovchilari bilan transport tizimini rivojlantirish bosqichlariga oid masalalarni muhokama qilish o`zaro manfaatli aloqalarni yo`lga qo`yish va samarali ishlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari rivojlanmoqda va iqtisodiyotning izchil o`sishi transport-kommunikasiya tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda. O`zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga to`g`ridan-to`g`ri chiqish imkoniyatiga ega bo`lgan yagona davlat bo`lib, Xitoy, Evropa va boshqa davlatlar o`rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun yaxshi ko`prik bo`la oladi.
Vazir, shuningdek, tadbirkorlik sohasi vakillariga murojaat qilib, ayniqsa, dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari mahalliy transport tizimlarini xalqaro transport tizimlariga integrasiyalashuvini taqozo etishini ta`kidladi. IT-echimlarni faol joriy etish nafaqat unumdorlik va sifatni oshiradi, balki tejamkor qadamdir.
Shuningdek, u agentlik xususiy sektor bilan muloqotga ochiqligini va ularning transport sohasini takomillashtirishdagi ishtirokini har tomonlama qo`llab-quvvatlashiga tayyorligini ta`kidladi.
Bu yo`nalishdagi takomillashtirishga elektron hujjat aylanishi va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish orqali erishish mumkin, dedi OTBning Markaziy va G`arbiy Osiyo bo`yicha bosh direktori Evgeniy Jukov.
O`zbekiston Respublikasi investisiyalar va tashqi savdo vaziri o`rinbosari Badriddin Obidov «Shimol-Janub» transport yo`lagining asosiy ustuvor yo`nalishlari, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishning qiyinchiliklari va kelgusidagi rejalar haqida aytib o`tdi.
Vazir o`rinbosari mamlakatning savdo yo`nalishlarini diversifikasiya qilishning yangi usullarini izlash niyatini qayd etdi. O`zbekiston o`z oldiga ko`plab vazifalar va maqsadlar qo`ygan rivojlanayotgan davlat bo`lganligi sababli yuk tashish samaradorligini oshirish uchun respublika Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan kuchlarini birlashtirishi kerak.
Kobul bilan savdo yo`lini rivojlantirish, Pokiston va Janubi-Sharqiy Osiyo bilan savdoni osonlashtirish bo`yicha katta ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, O`zbekiston OTB dasturi doirasida Chimkent, Toshkent, Xo`jand shaharlari va unga tutash viloyatlar o`rtasida yangi iqtisodiy yo`lak yaratish bo`yicha hamkorlar bilan hamkorlikni davom ettiradi. «Xitoy-Qirg`iziston-O`zbekiston» yana bir istiqbolli yo`nalish ekani ta`kidlandi.
«Kazaxstan Temir Jol» AJ boshqaruvi raisi Nurlan Sauranbaev yuk jo`natuvchilar uchun yuk tashish shartlari, narxlar va barqarorlik muhim rol o`ynashini ta`kidladi. Shunga ko`ra, islohotlarni amalga oshirishda aynan shu jihatlarga e`tibor qaratish lozim.
TRACECA Hukumatlararo komissiyasi Bosh kotibi Aset Asavbaev:
«Toshkent xalqaro investisiya forumi o`tkaziladigan maydonda transport komponentiga kamida ikkita sessiya bag`ishlangan. Bu masalaning respublika uchun dolzarbligini ko`rsatadi. Transportning qulayligi muammolari birinchi o`ringa chiqadi. Yangi yo`nalishlar yaratish bo`yicha olib borilayotgan ishlar katta kuch, sarmoya va mehnatni talab etadi. Shu munosabat bilan O`zbekistonga omad tilab qolaman».
Pokiston Milliy Assambleyasi a`zosi Muhammad Yoqub Shayx O`zbekiston va Pokiston o`rtasida o`zaro tovar ayirboshlash to`rt yildan buyon amalga oshirilayotgani va bu vaqt ichida O`zbekiston shimoliga tovarlar etkazib berish muddati uzoq bo`lganini hisobga olmaganda, jiddiy muammolar bo`lmaganini ta`kidladi.
«Albatta, biz birgalikda hal qilishimiz kerak bo`lgan qiyinchiliklar mavjud. Ulardan biri yuklarni dengizdan quruqlik transportiga qayta yuklashdir. Bu bir kundan bir yarim kungacha davom etadi. Biz yuklar hech qanday to`siqsiz Termizga etib borishini istaymiz», – dedi u.
«Pokiston O`zbekistonga katta hurmat-ehtirom bildiradi va mamlakatlar o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo`lidagi sa`y-harakatlarni yuksak qadrlaydi».
Deutsche Bahn Engineering & Consulting GmbH kompaniyasining Qozog`iston va Markaziy Osiyo bo`yicha direktori Ralf Napel bozorni transformasiya qilish zarurligi haqida gapirdi. Uning fikricha, O`zbekiston kelajakda Kaspiy dengizi orqali Evropaga janubiy yo`nalishlarni rivojlantirishda muhim rol o`ynashi mumkin.
Shu tariqa, panel muhokamasi chog`ida ekspertlar transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, transport yo`nalishlarini diversifikasiya qilish zarurligi masalasini ko`tardi.
Forumning uchinchi kuni (26 mart) turistik shaharlar (Samarqand, Buxoro va Xiva) va sanoat korxonalariga tashrif buyurish rejalashtirilgan.






