«Mahalla» telekanalining joriy yilning 23 mart kuni namoyish etilgan «Minbar» tok-shousida «Bugungi o`zbek olimlari kimlar? Ular nimalar bilan shug`ullanyapti? Ko`zga ko`ringan ishlar qilayotgan olimlar, ularning ishini amalga oshirish uchun nimalar va qanday yordam kerak?» kabi savollarga atroflicha javoblar berildi. Ko`rsatuvda olimlar tomonidan O`zbekistonda ilm-fanga qaratilayotgan e`tibor haqida iliq fikrlar ham, tanqidiy fikrlar ham bildirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda biolog-olim Baxtiyor Rasulovning ilmiy laboratoriyalarni jihozlash masalasiga munosabatini qirqib olib qo`yilishi, boshqa olimlarning fikrlarining keltirilmasligi noxolislikka sabab bo`lmoqda.
Baxtiyor Rasulov 2018 yili Xitoydan qaytib kelganidan so`ng unga va biolog olim bo`lgan turmush o`rtog`iga O`zR FA Genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi institutiga ishga qabul qilingan. U maosh bilan ta`minlangan va mikrobiologiya laboratoriyasida ishlashi uchun sharoitlar yaratilgan, o`sha paytda institutda mavjud tegishli laboratoriya uskunalari ajratilgan. U rahbarligidagi ilmiy jamoa sho`rlangan tuproqlarda qo`llash uchun BioAntiSalt preparati yaratilgan. Bu preparatni FAning Navoiy viloyati bo`limida sinovdan o`tkazish bo`yicha kelishilgan, biroq olim va uning jamoasi ishlanmani oxirigacha etkazmagan, sinov ishlari amalga oshirilmagan. 2021 yilning yoz oylarida B. Rasulovning ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlaridan keyin, Innovasion rivojlanish vaziri boshchiligidagi ishchi guruh u ko`targan muammolarni o`rgangan va ularni bartaraf etish bo`yicha «Yo`l xaritasi» ishlab chiqqan va u amalga oshirilgan. Yo`l xaritasiga ko`ra, institut binosi ta`mirdan chiqarildi, laboratoriya uskunalari ro`yxati shakllantirildi.
Hozirda Baxtiyor Rasulov faoliyat yuritayotgan O`zR FA Genetika va o`simliklar kimyosi instituti tomonidan taqdim etilgan laboratoriya uskunalari ro`yxati Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovasiyalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi Kuzatuv kengashida tasdiqlangan. Hozirgi kunda texnik topshiriq va narx ko`rsatkichlarini belgilash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markaziga ekspertizadan o`tkazish uchun kiritilgan.
Laboratoriya uskunalari xarid qilinguniga qadar Baxtiyor Rasulovga O`zR FA Genomika va bioinformatika markazi va Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazining eng zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan mikrobiologiya laboratoriyasida ishlash taklifi berildi. Lekin olim bu takliflarni qabul qilmadi.
O`z navbatida, ijrochi tashkilot O`zR FA Genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi instituti tomonidan Baxtiyor Rasulov rahbarligida amalga oshirilayotgan «O`simliklarda tuz stressini kamaytiruvchi va hosildorlikni oshiruvchi bakteriya ekzopolisaxaridlari va biomassasi asosidagi biologik gel olish texnologiyasini yaratish» loyihasi Innovasion rivojlanish vazirligining Hay`atida moliyalashtirishi tasdiqlangan. Loyiha 3 yillik bo`lib umumiy moliyalashtirish hajmi 1500,0 mln. so`m bo`lib, har yiliga 500,0 mln. so`mdan. Loyiha 2021 yil iyun oyida boshlangan bo`lib, loyiha rahbarining taqsimlab bergan xarajatlar smetasiga muvofiq ijrochi tashkilotning buyurtmasi asosida 2021 yilning 7 oyiga 277,1 mln. so`m mablag` teng taqsimlangan holda moliyalashtirilgan (oyiga 39,6 mln. so`mdan). Loyihaga 2022 yil uchun oyiga 39,6 mln. so`mdan jami 475,0 mln. so`m mablag` ajratilgan (loyihachi tashkilot buyurtmasiga ko`ra).
Vaholanki, agar zarurat bo`lib, mablag`larning katta qismi dastlabki yillarda berilishi talab qilinsa, xarajatlar smetasiga bunday o`zgartirishlar kiritishga hech to`sqinlik yo`q, faqat institut ilmiy kengashi va rahbariyati bu o`zgarishlarni rejalashtirib, vazirlikka rasmiy kiritishi zarur bo`ladi.
Ma`lumot uchun, ilmiy-tadqiqot va oliy ta`lim muassasalari uchun 194 turdagi laboratoriya asbob-uskunalarini xarid qilinishi bo`yicha 2018-2021 yillarda 140,8 mlrd. so`m mablag` moliyalashtirilgan. Xarid qilingan ilmiy laboratoriya asbob-uskunalarida ishlash metodikasini o`zlashtirish maqsadida 20 nafar ilmiy xodimlar etakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga stajirovkaga yuborildi. Bundan tashqari hozirgi kunda, umumiy qiymati 1.9 mln. AQSh doll. bo`lgan 46 turdagi laboratoriya asbob uskunalari bo`yicha tanlov savdolari yakunlariga ko`ra shartnomalar tuzish jarayoni amalga oshirilmoqda shuningdek, tuzilgan shartnomalar kompleks ekspertizadan o`tkazilmoqda. Shu bilan birga, umumiy qiymati 2.4 mln. AQSh doll. bo`lgan 60 turdan ortiq laboratoriya asbob-uskunalari bo`yicha tanlov savdolari amalga oshirilmoqda.






