AsosiyJamiyat

Toshkentda tunda buzib tashlangan uy bo`yicha qo`shimcha tafsilotlar ma`lum qilindi

'Toshkentda tunda buzib tashlangan uy bo`yicha qo`shimcha tafsilotlar ma`lum qilindi'ning rasmi

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati poytaxtda tunda buzib tashlangan uy bo`yicha qo`shimcha tafsilotlarni ma`lum qildi.

darakchi.uz ga berilgan ma`lumotga ko`ra, da`vogar Olmazor tuman hokimiyati 2022 yil 6 yanvarda javobgarlar Sh. A. va M. A. ga nisbatan majburiy ko`chirish haqidagi da`vo arizasi bilan fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudga murojaat qilib, javobgarlarni oila a`zolari bilan Toshkent shahar Olmazor tumani, Yog`du ko`chasida yangi qurilgan 6-uydagi 2 ta xonadonga majburiy ko`chirish haqida qaror qabul qilishni so`ragan.

Javobgarlar oila a`zolari bilan Toshkent shahri Olmazor tumani Qorasaroy ko`chasi 69-uyda doimiy ro`yxatda turadi va istiqomat qiladi. Mazkur uy-joy Toshkent shahar hokimining 2017 yil 30 iyundagi 832-sonli va 2019 yil 27 maydagi 764-sonli qaroriga asosan buzilishga tushgan. Olmazor tumani hokimiyati vakillari tomonidan 2021 yil 10 dekabr kuni joyga chiqib, ushbu uyda yashovchi fuqaro M. A. bilan suhbat o`tkazilgan, unga uy-joy buzilishi evaziga Toshkent shahar hududidan 4 xonali uy-joy olib berish taklifi berilgan. Biroq fuqaro ushbu taklifni rad etib, Qorasaroy ko`chasi 69-uyda doimiy ro`yxatda turuvchilarga ham uy-joy ajratish masalasini ko`rib chiqishni so`ragan.

Ikkinchi marotaba 2021 yil 13 dekabr kuni ushbu uyda yashovchi fuqaro M. A. bilan suhbat o`tkazilganda, u uy-joy buzilishi evaziga 400 ming AQSh dollari miqdorida pul mablag`i berilishini talab qilgan.

Uchinchi marotaba 2021 yil 14 dekabr  M. A. bilan suhbat o`tkazilganida fuqaro uy-joy buzilishi evaziga Olmazor tumani Yog`du ko`chasida yangi qurilgan 6-uyga olib borilib 2 ta xonadon ko`rsatilgan. Ammo fuqaro ko`rsatilgan xonadonlarni olishni rad etgan va buzilayotgan uy-joy o`rniga Shayxontohur tumani hududida “GOLDEN HAUSE” tomonidan jangoh mavzesida qurilgan yangi uylardan olib berishni yoki ushbu buzilayotgan uy-joy o`rniga (400 ming AQSh dollari) 4 360 000 000 (to`rt milliard uch yuz oltmish million) so`m miqdorida pul mablag`i berilishini talab qilgan. Matbuot xizmatining keltirishicha, bu haqida tegishli tartibda rasmiylashtirilgan dalolatnomalar mavjud. Mazkur uy-joy “PRTFESSIONAL EXPERTISE” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2021 yil 27 iyulda baholash ishlarini olib borgan. Baholash natijasida Olmazor tumani Qorasaroy ko`chasi 69-uy 2021 yil 27 iyul holati bozor qiymatiga ko`ra 763 753 000 (etti yuz oltmish uch million etti yuz ellik uch ming) so`mga baholangan. Fuqaroga taklif etilgan Olmazor tumani Yog`du ko`chasida yangi qurilgan 6-uydagi 2 ta xonadon tuman hokimligi va sotuvchi o`rtasida ikki tomonlama kelishuv bitimiga asosan 1 182 384 000 (bir milliard bir yuz sakson ikki million uch yuz sakson to`rt ming) so`mga baholanib tuman hokimligi balansiga olingan.

Toshkent shahri Olmazor tumani Qorasaroy ko`chasi 69-uyda yashovchi fuqarolarga buzilishga tushgan uyining bahosiga nisbatan ortiq bo`lgan Olmazor tumani Yog`du ko`chasida yangi qurilgan 6-uydan 2 ta xonadon ajratish taklif etilgan bo`lsada ushbu xonadonlarni olishni rad etgan.

Shu sababli Olmazor tuman hokimiyati Sh. A. va M. A.ni oila a`zolari bilan Toshkent shahar Olmazor tumani Yog`du ko`chasida yangi qurilgan 6-uydagi 2 ta xonadonga majburiy ko`chirish haqida qaror qabul qilishni so`ragan.

Mazkur da`vo ariza bo`yicha fuqarolik ishi 2022 yil 6 yanvar kuni sudning ish yurituviga kelib tushgan.

Fuqarolik ishi bo`yicha sud majlisi 2022 yil 17 fevral kuniga tayinlangan va taraflarga belgilangan tartibda “Gibrid pochta” xizmati orqali chaqiruv qog`ozi yuborilgan.

2022 yil 17 fevral kuni javobgarlar kelmaganligi sababli fuqarolik ishi javobgarlarning ishtirokisiz sirtdan ko`rilib, da`vogar Olmazor tuman hokimiyatining da`vo arizasini qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori chiqarilgan. Hal qiluv qarori 2022 yil 24 fevral kuni javobgarlarga “Gibrid pochta” xizmati orqali yuborilgan.

Hal qiluv qarori ijro qilish uchun 2022 yil 17 mart kuni Olmazor tumani majburiy ijro byurosiga yuborilgan.

2022 yil 24 mart kuni javobgarlar tomonidan fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2022 yil 17 fevraldagi sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorini bekor qilish to`g`risida sudga ariza kelib tushgan.

Mazkur arizaning ko`rilishi vaqti bo`yicha taraflarga xabar berilgan.

 

    Boshqa yangiliklar